Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi
2026-02-14 10:20:00 / Yangiliklar

Bobur oʻzbek tilida bitilgan “Boburnoma” asari orqali nafaqat oʻzbek adabiyoti, balki jahon tarixnavisligi xazinasidan ham munosib oʻrin egalladi. Uning gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatning nodir durdonalari sanaladi. “Mubayyin”, “Xatti Boburiy” hamda aruzga oid risolalari esa sheʼriyat, til va ilmiy tafakkur rivojiga munosib hissa boʻlib qoʻshilgan.
Davlat arbobi sifatida Bobur Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, tarix sahnasida ulkan iz qoldirdi. U qisqa umri davomida ham siyosiy barqarorlikni mustahkamlash, yurt obodonchiligi, bogʻ-rogʻlar barpo etish va ilm-fan hamda sanʼat ahlini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratdi.
Bobur merosi asrlar osha Vatanga muhabbat, jasorat, ilmga tashnalik va ezgulik gʻoyalarini tarannum etib, xalqimiz maʼnaviy boyligini yanada yuksaltirib kelmoqda.
