Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi Raisi Tanzila Norboyevaning O‘zbekiston xalqiga M U R O J A A T I
2025-12-25 16:00:00 / Yangiliklar

Bosh maqsad aniq va ravshan— inson qadrini ulug‘lash, adolatni qaror toptirish va davlatni xalqqa xizmat qiluvchi tizimga aylantirishdir.
Bu islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil va qat’iy siyosat natijasidir va, eng avvalo, mamlakatni ochiq, adolatli va insonparvar davlat sifatida rivojlantirishga qaratilgan.
Bugun “Fuqarolar davlatga emas, davlat fuqarolarga xizmat qilishi shart” tamoyili hayotimizga chuqur singib bormoqda. Davlat xizmatlarini soddalashtirish, raqamlashtirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Shu bilan birga, biz bir haqiqatni ochiq tan olishimiz kerak: tanlangan yo‘l oson emas. Bugun islohotlar yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri korrupsiya omilidir.
Korrupsiya — faqat iqtisodiy zarar emas. Bu adolatga, inson huquqlariga, jamiyatga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadigan jinoyatdir. Bugun u butun dunyo uchun global tahdidga aylangan. Shu sababli mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi sohada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ilgari bunday yagona va kompleks huquqiy asos mavjud emas edi.
Qonun va uning asosida qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi kurashishda tizimli, ochiq va institutsional yondashuvni shakllantirdi.
Eng muhimi, bu kurash faqat jazo choralari bilan cheklanib qolmay, korrupsiyani keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratildi.
Shu maqsadda muhim institutsional islohotlar amalga oshirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Parlament palatalarida tegishli qo‘mitalar, mahalliy kengashlarda korrupsiyaga qarshi komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ayniqsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etilgani jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Milliy kengash tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlar xolis o‘rganilmoqda, kamchiliklar yuzasidan aniq vazifa va chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Milliy kengashning joriy yil 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentimiz korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha ishlarni baholab, kelgusi vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari tomonidan 55 ta aniq tashabbus ilgari surildi va korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa ekani yana bir bor ta’kidlandi.
Shu asosda qator amaliy ishlar qilindi. Qonunchilik takomillashtirildi, Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi, qator qonun loyihalari ishlab chiqildi.
Ushbu islohotlar korrupsiyaga qarshi kurashishda faqatgina ularning oqibati bilan emas, balki profilaktik va tizimli yondashuvni joriy etish imkonini bermoqda.
Parlament, Bosh prokuratura, ichki ishlar, agentlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida hududlarda keng ko‘lamli o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.
O‘rganishlar natijalari hududlarda, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sog‘liqni saqlash hamda ta’lim tarmoqlari bo‘yicha o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishlarida tanqidiy ko‘rib chiqilib, muhokama qilinishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan qator mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar berildi.
Bugungi kunda parlament ishchi guruhlari tomonidan joylarda takroriy o‘rganishlar o‘tkazilmoqda. Barcha hududlarda mahalliy Kengashlar bilan birgalikda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilib, tegishli ko‘rsatmalar berilmoqda.
Hududlarda davlat xizmatiga qabul qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bozorlar va kommunal sohalarda raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Natijada sog‘liqni saqlash, ta’lim, qurilish, kommunal, kadastr, bank, energetika sohalarida yuzlab milliard so‘mlik maqsadsiz xarajatlarning oldini olish, adolat va ochiqlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ish olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan qonun hujjatlarining hayotga tatbiq etilishi, qolaversa, tizimli nazorat yo‘lga qo‘yilgani va jamoatchilikning faol ishtiroki bunday natijalarga erishishda juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hurmatli yurtdoshlar!
Shu bilan birga, oldimizda turgan vazifalar ham yetarli. Qonun hujjatlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlash, mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish, fuqarolarning faol pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlash kelgusi davrdagi eng muhim, ustuvor yo‘nalishlarimizdan hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish – faqat davlat idoralarining ishi emas. Bu – butun jamiyatning yuksak mas’uliyati. Nega deganda, biz, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda adolatli va kuchli jamiyatni barpo eta olamiz.
Shu sababli bu jarayondan hech kim chetda qolmasligi kerak. Ushbu fikr, tushuncha har bir yurtdoshimizning qalb amriga aylanishi zarur.
Bizning bu boradagi sa’y-harakatlarimizga kuch beruvchi eng asosiy omil xalqning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashidir. Xalq bor ekan, islohotlar izchil davom etadi. Adolat bor ekan, taraqqiyot barqaror bo‘ladi.
Bizning kuchimiz — birdamlikda, haqiqatda va mas’uliyatda. Ana shu yo‘ldan og‘ishmay borsak, albatta, korrupsiyani yengamiz.
