AES QURILISHI BO‘YICHA JAMOATCHILIK ESHITUVLARI: OCHIQLIK VA EKOLOGIK XAVFSIZLIK MASALALARI MARKAZDA
2025-12-23 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda AES qurilishi va undan foydalanishda mas’ul bo‘lgan davlat organlari, xalqaro hamkorlar, mahalliy hokimiyat hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Ushbu tadbir mamlakat energetika sohasidagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega loyihalardan biri doirasida aholi fikrini inobatga olish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan. Jamoatchilik eshituvlarida AES qurilishi va faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan tegishli davlat organlari, ekologik nazorat idoralari, xalqaro ekspertlar va hamkor tashkilotlar, mahalliy hokimiyat vakillari hamda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirok etmoqda. Shuningdek, tadbirga mahalliy aholi va ommaviy axborot vositalari vakillari ham jalb etilgan.
Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’ruzalarda AES qurilishi jarayonida amalga oshiriladigan ekologik ekspertiza, radiatsion xavfsizlik choralari, suv resurslari va biologik muhitga ehtimoliy ta’sir, chiqindilarni boshqarish tizimi hamda xalqaro standartlarga muvofiqlik masalalari atroflicha yoritildi. Ayniqsa, loyiha XAEA (Xalqaro atom energiyasi agentligi) talablari asosida amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Jamoatchilik vakillari tomonidan berilgan savollar asosan aholi salomatligi, yer va suv resurslarining muhofazasi, favqulodda holatlarga tayyorgarlik darajasi hamda uzoq muddatli ekologik oqibatlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Mutaxassislar ushbu savollarga ilmiy asoslangan, ochiq va tushunarli javoblar berib, xavfsizlik ustuvor yo‘nalish ekanini qayd etdilar.
Ta’kidlash joizki, jamoatchilik eshituvlari atom energetikasi sohasida qaror qabul qilish jarayonida fuqarolar fikrini inobatga olishning muhim mexanizmi hisoblanadi. Bu esa loyihaning ijtimoiy qabul qilinishi, ishonchni mustahkamlash va barqaror rivojlanish tamoyillariga rioya etishda katta ahamiyatga ega.
Jizzax viloyati Forish tumanida o‘tkazilayotgan mazkur eshituvlar natijalari loyihaning keyingi bosqichlarida inobatga olinishi rejalashtirilgan. Tadbir tafsilotlari, bildirilgan taklif va mulohazalar hamda qabul qilingan xulosalar haqidagi ma’lumotlar keyingi chiqishlarimizda keng yoritib boriladi.









