Gulistonda attraksionlar xavfsizligi: tadbirkorlar uchun muhim seminar o‘tkazildi
2025-12-15 12:00:00 / Yangiliklar

Seminarda viloyatda faoliyat yuritayotgan istirohat bog‘lari rahbarlari va attraksionlardan foydalanishga mas’ul xodimlar ishtirok etishdi. Tadbirning asosiy maqsadi — attraksionlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlari va baxtsiz hodisalarning barvaqt oldini olish hamda tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.
Mutaxassislar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 886-sonli “Attraksionlar xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni hamda Attraksionlarni hisobga olish va davlat reestrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori talablari batafsil tushuntirildi.
Tadbir davomida texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etish bo‘yicha ko‘rgazmali tushuntirish ishlari olib borilib, tadbirkorlarga texnik ko‘rik va xavfsizlik standartlari bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.




