ekotizim.cirns.uz platformasi ishlash printsipi
2025-11-22 16:40:00 / Yangiliklar

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi PF–224-sonli “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmoni hamda unga ilova qilingan “Yoʼl xaritasi”ga muvofiq, xavfli ishlab chiqarish obʼektlarida ortiqcha bosim ostida ishlovchi idishlar va texnologiyaviy qurilmalarni hisobga olish hamda ularni “Xavfga asoslangan tekshirish dasturi orqali monitoring qilish vazifalari yuklatilgan. Shu vazifalar ijrosi doirasida Qarshi shahrida masʼul mutaxassislar uchun oʼquv-seminar muvaffaqiyatli oʼtkazildi. Seminar davomida “Oʼzbekneftegaz” АJ tarkibidagi barcha korxona, tashkilot va boshqarmalarda mavjud quyidagi turdagi uskunalarni Yagona integrallashgan axborot tizimi (ekotizim.cirns.uz) orqali toʼgʼri va toʼliq kiritish masalalari atroflicha tushuntirildi. Xususan, ishtirokchilarga quyidagi yoʼnalishlar boʼyicha tushuntirishlar berildi.
• Kranlar (avtokran, koʼprikli kran va boshqalar);
• Bosim ostida ishlovchi idishlar;
• Bugʼ qozonlari;
• Quvur tizimlari;
• Kimyo sanoati obʼektlaridagi bosimli idishlar;
• Bugʼ va issiq suv quvurlari;
• Qozon-utilizatorlar;
• SUG (suyultirilgan uglevodorod gaz) uchun bosimli idishlar;
• Yiliga 100 ming va undan ortiq tabiiy gaz isteʼmol qiluvchi qurilmalar;
• Yuk koʼtargich mexanizmlar.
Seminarda ishtirokchilarga har bir uskuna boʼyicha texnik pasport, sertifikat, tekshiruv va sinov natijalari, ekspluatatsiya holati, joylashuv manzili hamda masʼul shaxs haqidagi maʼlumotlarni elektron tarzda yuklash tartiblari amaliy koʼrsatib berildi. Shuningdek, elektron roʼyxatga olish ariza shakllarini toʼldirish va ularni EKO tizimiga yuklashda yoʼl qoʼyiladigan xatolar, ularni bartaraf etish mexanizmlari, texnik maʼlumotlarning toʼliq va ishonchli yuritilishi boʼyicha tavsiyalar ham berildi.




