Samarqandda UNESCO’ning yangi Bosh direktori saylandi
2025-11-06 18:00:00 / Yangiliklar

Xolid Ahmad Al-Ananiy Ali Azz 1971 yilda tug‘ilgan. U Misrdagi Heluan universiteti professori va taniqli misrshunos olimdir. U universitetda 30 yildan ortiq dars bergan, shuningdek, Turizm va mehmondo‘stlik fakulteti dekan o‘rinbosari, Ochiq ta’lim markazi direktori va Gidlar bo‘limi rahbari sifatida faoliyat yuritgan. U Fransiyadagi Pol-Valeri Monpelye III universitetida misrshunoslik bo‘yicha doktorlik darajasini olgan va u yerda ham bir necha bor dars bergan.
Al-Ananiy 2014–2016 yillarda Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyi, 2015–2016 yillarda esa Qohira Misr muzeyi direktori lavozimlarida ishlagan. 2016–2022 yillar oralig‘ida u Misrning qadimiy yodgorliklar vaziri, keyinchalik Turizm va qadimiy yodgorliklar vaziri lavozimlarini egallagan.
U bir nechta xalqaro ilmiy jamiyatlar a’zosi hisoblanadi. 2024 yil noyabr oyida BMTning Jahon turizm tashkiloti tomonidan madaniy turizm bo‘yicha maxsus elchi etib tayinlangan. Shuningdek, u Afrika Jahon merosi jamg‘armasi homiysi hisoblanadi. Al-Ananiy arab, fransuz va ingliz tillarida so‘zlasha oladi.
Xolid Al-Ananiy UNESCO’ning 12-Bosh direktori bo‘lib, bu lavozimni egallagan birinchi arab va ikkinchi afrikalik shaxsdir. Afrikadan bo‘lgan ilgari yagona direktor — Amadu Maxtar Mbu (Senegal, 1974–1987) bo‘lgan. Al-Ananiy o‘z faoliyatini 4 yillik muddatga 15 noyabrdan boshlaydi.
UNESCO — bu BMTning ta’lim, fan, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarida ko‘p tomonlama hamkorlik orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan ixtisoslashgan tashkilotidir. Tashkilotning markaziy ofisi Parijda joylashgan bo‘lib, u 54 mamlakatda idoralarga ega va 2300 dan ortiq xodimni birlashtiradi.
UNESCO 2000 dan ziyod Jahon merosi obyektlari, biosfera rezervatlari va global geoparklar, shuningdek, ijodiy, ta’limiy, inklyuziv va barqaror shaharlar tarmoqlarini boshqaradi. Dunyo bo‘ylab tashkilot bilan bog‘langan 13 mingdan ortiq maktab, universitet kafedralari va ilmiy markazlar mavjud. Tashkilotga 194 ta davlat a’zo hisoblanadi.
