audio

    7+
    Toshkentda “Made in Pakistan” ko‘rgazmasi boshlandi

    Shu yilning 28-iyun kuni poytaxtimizda “Made in Pakistan” sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Tadbir ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Shoxrux Gulamov, Pokiston Savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Mangi Ahsan Ali, Pokistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmad Faruk, vazirlik va idoralar, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

    Koʻrgazma strategik savdo hamkorlari boʻlgan ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida qabul qilingan qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida tashkil etildi. Stendlarda Pokistonning 90 ga yaqin yetakchi ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarining to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, mototsikllar, skuterlar, kosmetika, elektrotexnika mahsulotlari, turli IT va logistika xizmatlari namoyish etilmoqda.

    Shohrux Gulamov o‘zining tabrik so‘zida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘lami va hajmini kengaytirishda tashkil etilgan ko‘rgazma muhimligini ta’kidladi. Ko‘rgazma o‘zbekistonlik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi – unga tashrif buyurgan O‘zbekistonning yirik kompaniyalari, tarmoq birlashmalari va tegishli idoralari rahbarlarining soni 200 dan oshdi.

    Savdo-iqtisodiy hamkorlik ko'rsatkichlarining o'sishi qayd etildi. Xususan, so‘nggi besh yil ichida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga oshib, 2023-yilda 387 million dollarga yetdi. Mamlakatlar o‘rtasida imzolangan Tranzit savdosi va Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimlar 17 turdagi xaridorgir tovarlarni imtiyozli asosda yetkazib berish imkonini bermoqda va bu ro‘yxat tobora kengayib bormoqda.

    O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga ko‘payib, 125 taga yetdi.

    Mamlakatimizda ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarning amaliy jihatlari haqida ma’lumot berildi hamda Pokiston kompaniyalariga farmatsevtika, mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va neft-gaz sanoati sohalarida yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish taklif etildi.

    O‘z navbatida, Pokiston tomonidan so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda yaratilgan ishbilarmonlik muhitini yuqori baholadilar, ko‘rgazma yuqori saviyada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdilar va Pokiston ishbilarmon doiralarini o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdilar.

    Tadbir dasturiga muvofiq, B2B va G2B muzokaralari ham tashkil qilindi. Unda ikki davlat tadbirkorlari aloqalar oʻrnatish, hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish va yangi loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Tadbir doirasida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari oʻrtasida tor doiradagi muzokaralar ham boʻlib oʻtdi, unda ikki davlatning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sherikligini yanada rivojlantirishga doir aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.

    • view_icon 78