Axsikentdagi XI qazuv obyektidan so‘nggi 50 yildagi eng nodir topilmalar aniqlandi
2024-10-04 09:50:00 / Yangiliklar
Namangan viloyatining Axsikent arxeologiya yodgorligida olib borilayotgan izlanishlar davomida arxeologlar kengligi 2,3 metrlik zinapoyaga duch keldilar. Yer tubi tomon 4 metr qazilganda sirli yo‘lakning bus-butun arkalariga duch kelingan. Bu yerdan 10 ming kubometr tuproq chiqarilgach, yo‘lakning 12 pog‘onasi ham ochilgan. Aynan shu nuqtadan 7 metr sharqda qadimshunoslar yana ikkita noyob yerosti yo‘llariga duch kelishdi. Taxminlarga ko‘ra, har ikki arkasimon yo‘lak dastlabki topilgan katta yo‘lga bog‘lanadi. Qiziqarli tomoni barcha yo‘laklar butun, arkasimon holda metro uslubida nafislik bilan pishiq g‘ishtdan qurilgan. Hozirda italyancha deya ta’riflangan rakovina, yerosti, pol osti isitish tizimi, nafis sopol quvurlari bilan butun holatda topilgan qo‘l yuvish vositalari ham aynan shu obyektdan 2024-yilgi qazuv ishlari davomida topilgan.
Hozirda yodgorlikni muzeylashtirilayotgan qismlar quyidagilardan iborat:
1. XVIII qazuv obyekti – X-XII asrlarda faoliyat yuritgan yerosti suv inshootining kuzatuv punkti, birinchi shahristonning XIII asrning boshlariga oid xorazmshoxlar davrida qurilgan mudofaa devori va turarjoy qoldiqlari;
2. XI qazuv obyekti – XI-XII asrlarga oid pishiq g‘ishtdan qurilgan gumbazli tagxona va mahobatli turarjoy qoldiqlari, Farg‘ona vodiysida ilk bor topilgan qoraxoniylar davri devoriy rasm namunalari hamda yuqorida qayd etilgan yerosti inshootlari va nodir qurilmalar mavjud;
3. XIX qazuv obyekti – shaharning eramizdan avvalgi III-I asrlarda qurilgan mahobatli mudofaa devorlari va yerosti suv yo‘li;
4. XXIV qazuv obyekti – XI-XII asrlarga oid mahobatli turarjoy qoldiqlari aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tez orada majmuaning 100 gektarga yaqin qismi butun saqlangan yodgorlik va undagi so‘nggi topilmalar haqida “National Geographic” hujjatli film suratga oladi.