“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida va Oliy Majlis palatalarining majlislarida belgilangan vazifalarning ijrosini ogʻishmay tashkil etish, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisida hadli konvensiyasining Kioto protokoli vaParij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uygʻun “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini taʼminlash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy oʻsishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga oʻtish maqsadida:
1. “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari etib quyidagilar belgilansin:
mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish;
aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish;
tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni taʼminlash;
oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, koʻpaytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash;
“yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish;
respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida yirik “yashil energiya” stansiyalarini barpo etish, hududlarda kichik va mikrogidroelektr stansiyalari tarmogʻini kengaytirish, aholi xonadonlarida quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish;
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni keng qoʻllash orqali iqtisodiyotda “uglerod izi”ni kamaytirish;
ekologik barqarorlikka yoʻnaltirilgan hududlar va tarmoqlararo muvofiqlashtiruvni taʼminlash.
Belgilansinki, ustuvor yondashuvlar resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishni koʻzda tutuvchi iqtisodiy rivojlanish modeliga oʻtish orqali 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotning yillik oʻsishini kamida 6 foiz va uning hajmini 200 milliard AQSH dollariga yetkazish, inflyatsiyani 5 foiz, byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash, kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirish maqsadlariga erishishga asos boʻladi.
2. 2025-yilda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va unga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish borasida:
Parij bitimining talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekistonning uglerod neytralligiga erishishining uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilishi;
iqlim oʻzgarishiga moslashish, “yashil texnologiya”lar transfertini inobatga olgan holda global miqyosda mamlakatimizning kelgusi 5 yilda issiqxona gazlarini qisqartirish boʻyicha Milliy miqyosda belgilangan hissasi (NDC) eʼlon qilinishi;
metan emissiyasini qisqartirish majburiyati doirasida tabiiy gaz, chiqindilar va chorvachilik sohalarida metan emissiyasining bazaviy holati aniqlanishi;
umumiy quvvati 4,5 GVt boʻlgan yirik quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirish, quvvati 785 megavatt boʻlgan quyosh panellarini oʻrnatish, quvvati 225 megavatt boʻlgan gidroelektr stansiyalarini barpo etish orqali jami qayta tiklanuvi energiya manbalari ulushi elektr energiyasi ishlab chiqarishda 26 foizga va jami generatsiya quvvatlari tarkibidagi ulushi 40 foizga yetkazilishi;
yangi quriladigan bino-inshootlar va uy-joylar energiya samaradorligidan kelib chiqib, “Yashil bino” sertifikati joriy etilishi taʼminlansin.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib tegishincha Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qoʻchqorov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov belgilansin.
3. Energetika vazirligi (J.Mirzamaxmudov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
2025-yilda quyosh panellari va geliokollektorlarni tuman va shaharlar kesimida oʻrnatish dasturini;
2025-2026-yillarda respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalarini qurish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. “Tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va ishlab chiqarish xarajatlarini 15-20 foizgacha qisqartirish maqsadida 2025-yil yakuniga qadar:
yirik strategik korxonalar tomonidan ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillari asosida korporativ dasturlar ishlab chiqilib, kamida 5 ta yirik sanoat korxonasida ESG milliy hisoboti yoʻlga qoʻyilishi va jamoatchilikka oshkor etish amaliyoti joriy etilishi;
“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ,
“Uzbekistan Airways” AJ tomonidan ESG reytingi olinishi;
Samarqand va Fargʻona viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalari tashkil etilishi taʼminlansin.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib tegishincha Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Qoʻchqorov,J.Xodjayev va ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov belgilansin.
5. 2025-yilda mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay
va farovon yashash muhitini shakllantirish borasida:
aholi uchun barpo etilayotgan piyodalar va alohida velosiped yoʻlaklari boʻyida daraxtlar va oʻsimliklarni ekish orqali “Soyalisayr koʻchalari” tarmogʻi yaratilishi, sohil va daryo boʻylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sogʻlomlashtirish yoʻlaklari qurilishi;
yomgʻir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sugʻorish tizimini joriy etish natijasida yashillik darajasi oshirilishi;
“Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Mening bogʻim” loyihasi doirasida 200 million tup daraxt hamda butalar ekilishi, “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari”da quyosh panellari yordamida quvvatlanuvchi yoritgichlardan foydalanilishi;
Orol dengizi tubida 100 ming gektar“yashilmaydon” barpo etilishi va Orolboʻyi mintaqasidagi oʻrmonzorlar 2,1 million gektarga yetkazilishi;
oʻrmon bilan qoplangan maydonlar 4,1 milliongektarga yetkazilishi va muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar 14,5 foizgacha kengaytirilishi hamda ularning ekoturizm, koʻchatchilik va dorivorchilik yoʻnalishlaridagi foydalanilmayotgan zaxiralari aniqlanib, ularning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilishi va aholining daromadlari oshirilishi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarining tanlangan hududlarida shoʻr va suvsizlikka chidamli oʻsimliklar (galofit) bogʻlari tashkil etilishi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Jizzax, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida davlat “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etilishi, shuningdek, xususiy “in-vitro” laboratoriyalarini barpo etishga tadbirkorlik subyektlariga kreditlarni ajratish uchun xalqaro moliya institutlaridan kamida 30 millionAQSHdollari miqdorida mablagʻlar jalb etilishi;
jamoatchilik, ekofaollar va biznes vakillarining tabiatni muhofaza qilish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash akseleratsiya tizimi joriy etilishi taʼminlansin.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼullar etib tegishincha Bosh vazir oʻrinbosari J.Xodjayev, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Abduraxmonov, iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari I.Norqulov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
6. 2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida:
a) aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish orqali mamlakatimizda “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targʻib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yoʻlga qoʻyilsin va aholi orasida targʻib qilish ishlari tashkil etilsin. Bunda uning asosiy tamoyillari etib quyidagilar belgilansin:
aholi orasida sogʻlom turmush tarzi, xususan, tibbiy madaniyatni oshirish, sogʻlom ovqatlanish, kunlik yurish va yugurishni targʻib qilish;
“yashil transportda”, shu jumladan, velosipedda harakatlanishni ragʻbatlantirish;
plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;
oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;
suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;
chiqindilarni turlariga qarab saralashni yoʻlga qoʻyish;
b) tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida quyidagilarni nazarda tutuvchi transformatsiya bosqichma-bosqich amalga oshirilsin:
oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning samarali tizimini joriy etish;
koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyatini markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yoʻlga qoʻyish;
markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish, shifokor qabuliga navbatni toʻliqelektron shaklga oʻtkazish, shuningdek, davlat tomonidan sanitariya-gigiyena normalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilgan holda stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish;
tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash koʻrsatkichlarini ishlab chiqib, samaradorlikka erishgan xodimlarning oylik maoshlariga qoʻshimcha ustamani joriy etish;
viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatuvchi tibbiyot muassasalarini zarur oʻrin-joylarni (koyka) yaratgan holda boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy koʻp tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etish;
v) inson salohiyatini yuksaltirish, taʼlim uchun qulay muhit yaratish ishlarini tashkil etish maqsadida 2025/2026 oʻquvyilidan:
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi kabi taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha yetakchi oliy taʼlim tashkiloti etib belgilansin;
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetida “sirkulyar iqtisodiyot” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetiga biriktiriladigan “yashil texnikumlar” faoliyati yoʻlga qoʻyilsin;
tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yoʻnalishlaridagi davlat oliy taʼlim tashkilotlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani va oʻquv dasturlari kiritilsin;
oliy taʼlimda grant oʻrinlarini bosqichma-bosqich oshirish hisobiga aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda davlat buyurtmasi 25 mingtaga yetkazilsin;
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi taʼlim dasturlari asosida taʼlim olish uchun stipendiya tanloviga 20 tagacha kvota ajratib borilsin;
respublikaning har bir tumanida (shahrida) bosqichma-bosqich inklyuziv taʼlim talablariga javob beradigan kamida bittadan umumtaʼlim maktabi faoliyati tashkil etilsin;
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 3,5ming kambagʻal oilalar farzandlarini tayyorlab, oliy taʼlim tashkilotlariga belgilangan tartibda grant asosida qabul qilish ishlari tashkil etilsin;
g) 2025-yil 1-martga qadar toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishning inson salomatligiga foydasini targʻib qilishni kuchaytirish dasturi ishlab chiqilsin;
d) 2025-yil 1-avgustga qadar oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xavf-xatarlarni aniqlash, baholash, boshqarish va monitoring qilish maqsadida idoralararo yaxlit Milliy axborot platformasi ishlab chiqilsin.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼullar etib tegishincha sogʻliqni saqlash vaziri A.Xudayarov, sport vaziri A.Ikramov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Zaxidov, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Abduraxmonov belgilansin.
7. Quyidagilar:
Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov, E.Adilov) 2025-yil 1-iyulga qadar tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini bosqichma-bosqich davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini aniq mexanizmlarni nazarda tutgan holda joriy etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov, E.Adilov) bilan birgalikda 2025-yil 1-noyabrga qadar tibbiy sugʻurta mexanizmlari joriy qilinayotgan hududlarda retsept asosida beriladigan dori vositalarini “elektron retsept” tizimi asosida tayinlash amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
8. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A.Abduxakimov) va Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) 2025-yil 1-iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi platformani ishga tushirsin:
ekologik tamoyillarni oʻzining kundalik hayotiga joriy etishda yuqori koʻrsatkichlarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomini berish hamda ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan banklarda isteʼmol kreditini olishda chegirma taqdim etish;
oilaning barcha voyaga yetgan aʼzolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olganda, ushbu oilaga “yashil oila” maqomini berish hamda ularga har yili ochiq tanlov orqali 14 taelektromobil berish;
aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlarini oʻtkazish va gʻolib boʻlgan mahallalar jamgʻarmasiga mahalla aholisining takliflarini oʻrgangan holda mahallaning ichki infratuzilmasini yanada yaxshilash tadbirlarini moliyalashtirishga, xususan yoʻllarni taʼmirlash, energotejamkor yoritish uskunalarini oʻrnatish, bolalar maydonchasini qurish, “yashil bogʻ” yaratish va oʻrindiqlar oʻrnatish, chiqindi yigʻishmaydonchalarini qurish, chiqindiqutilari va konteynerlarini oʻrnatishga 500 million soʻm ajratish.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼullar etib tegishincha ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov, raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
9. Aholi, ayniqsa, yosh avlod vakillari tomonidan sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida 2025-yil 1-maydan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshirilsin va aholi orasida keng targʻib qilish ishlari tashkil etilsin:
a) barcha sogʻliqni saqlash va taʼlim muassasalarida:
qoʻl yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlash;
sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilash, yangi qurilayotgan muassasalarda ularni binoning ichki qismida joylashtirish;
yil davomida birinchi navbatda qoʻl yuvish va antiseptikvositalarni xarid qilishni nazarda tutish;
b) barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena xonalari, umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlash majburiyatini kiritish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov) birinchi darajali mablagʻ taqsimlovchilarning asoslangan hisob-kitoblariga koʻra 2025-yil davomida byudjet tashkilotlarida mazkur banddagi tadbirlar uchun zarur boʻlgan hollarda qoʻshimcha mablagʻlar ajratsin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi (B.Yusupaliyev) bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan muassasalarda sanitariya-gigiyena holatini saqlash uchun vositalar ajratish boʻyicha normativlarni qayta koʻrib chiqsin va ularning amalda bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
10. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.Xudayarov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (O.Fozilkarimov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X.Umarova) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh.Xidoyatov) bilan birgalikda 2025-yil 1-avgustga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro ekspertlarini jalb etgan holda respublikaning barcha ijtimoiy soha muassasalarida, shu jumladan, umumiy ovqatlanish nuqtalari va viloyatlararo avtomobil yoʻllari boʻyidagi sanitariya-gigiyena nuqtalarida sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash boʻyicha dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini nazorat qilish tizimini kuchaytirish va bu borada sanitariya qoidalarini ishlab chiqib, meʼyorlarni yuqori standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida:
2025-yil 1-iyulga qadar Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining laboratoriyalarini oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi transyogʻlarnianiqlash uchun zarur jihozlar bilan taʼminlash choralari koʻrilsin;
2025-yil 1-avgustga qadar oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda transyogʻlardan foydalanishning cheklangan miqdorlarini belgilash boʻyicha sanitariya qoidalari va meʼyorlari Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirilishi taʼminlansin va ularga rioya etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Xudayarov belgilansin.
12. 2025-yilda tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologikbarqarorlikni taʼminlash borasida:
1 mingkilometr kanallarni beton qoplamaga oʻtkazib, suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 1,6 milliongektarga yetkazish hisobiga yiliga qoʻshimcha 2,5 milliardmetrkub suvni tejashga erishilishi;
nasos stansiyalarida eskirgan nasos va elektr dvigatellarni zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, suv resurslari hisobini takomillashtirish orqali nasos stansiyalarining elektr energiya isteʼmoli 300 mln kVtgacha kamaytirilishi;
irrigatsiya va melioratsiya tizimlari obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali 390 ming gektar qishloq xoʻjaligi yer maydonlarining suv taʼminoti yaxshilanishi;
sarflanayotgan suvning hisobi va hisoboti toʻliq yuritilishini taʼminlash maqsadida magistral kanallar va muhim suv obyektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimi joriy etilishi;
1,8 ming kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari, 77 ta ichimlik va oqova suv inshootlari qurilishi hamda rekonstruksiya qilinishi;
ichimlik suv tizimida maʼnan eskirgan 746 ta nasos uskunalari energiya tejamkorlariga almashtirilishi, hududlarda 65,2 megavatt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatilishi, suv inshootlari va magistral suv tarmoqlariga 955 ta zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatilishi;
barcha ichimlik suv taʼminoti korxonalarida sifat monitoringini yuritish va maʼlumotlarni boshqarish markazlari yaratilishi;
daryolar, koʻllar va kanallarga turli ifloslantiruvchi moddalar tashlanishi ustidan nazorat kuchaytirilishi taʼminlansin.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼullar etib tegishincha suv xoʻjaligi vaziri Sh.Xamrayev, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.Xidoyatov, energetika vaziri J.Mirzamaxmudov, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov belgilansin.
13. Keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, Oʻzbekiston ekologik partiyasi va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi taklifini inobatga olgan holda:
a) 2025-yil 1-maydan boshlabToshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida quyidagi yoʻnalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlansin:
asbest, sement ishlab chiqarish, shlam va shlaklar;
teri-koʻnchilik, parrandachilik fabrikalari;
samaradorligi yuqori boʻlgan chang-gaz tozalash inshootlari bilan jihozlanmagan har qanday turdagi koʻmir yoqish;
qora va rangli metallurgiya zavodlari, tarkibida zaharli aralashmalar boʻlgan oyna, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
xavflilik darajasining I va II sinfiga mansub chiqindilarni
qayta ishlash va yoqish korxonalari;
b) 2025-yil yakuniga qadar quyidagi vazifalarning bajarilishini taʼminlashga barcha kuch va resurslar safarbar etilsin:
aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilgʻi bilan taʼminlagan holda AI – 80 rusumli avtomobil yoqilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash;
respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanishni toʻliq taqiqlash, bundan avariyaviy yoqilgʻi sifatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligini xabardor qilib, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda foydalanish holatlari mustasno;
v) 2025-yil 1-noyabrga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan plastik chiqindilarni qisqartirish boʻyicha quyidagi xalqaro tan olingan mexanizmlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilsin:
plastik chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni oʻrnatish orqali yigʻib olish va utilizatsiya qilish yoki utilizatsiya yigʻimini toʻlash;
plastik qadoqlar yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga nisbatan “taralarni qaytarish”, fuqarolarga chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus uskunalarga topshirilgan har bir plastik idish uchun toʻlov qilish imkoniyatini yaratish kabi majburiyatlar joriy qilish.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A.Abduxakimov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov), Energetika vazirligi (J.Mirzamaxmudov), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Qudratov) hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2025-yil 1-oktyabrga qadar mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan va energiya sarfi yuqori boʻlgan yoʻnalishlardagi mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilgan holda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan bosqichma-bosqichkoʻchirish boʻyicha asoslantirilgantakliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va shaharsozlik faoliyatining ekologiyaga salbiy taʼsirini ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilgan holda jilovlash maqsadida:
2025-yil 1-avgustdan boshlab texnik jihatdan tartibga solish hujjatlari boʻlgan ekologik meʼyorlar va qoidalarni qabul qilish tartibi oʻrnatilsin;
2025-yil 1-oktyabrdan boshlab energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari va kimyo sanoatida ekologik normativlarni individual belgilash usuli oʻrniga tarmoq usulini qoʻllash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
2026-yil 1-yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar tomonidan oʻz faoliyatida Barqaror rivojlanish boʻyicha xalqaro kengashning barqaror rivojlanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilish standartlarini joriy etish (ISSB) amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A.Abduxakimov) yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda uch oy muddatda atmosfera, yer, yerosti va suv ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan ekologik meʼyor va qoidalarni ishlab chiqish boʻyicha dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Qoʻchqorov, J.Xodjayev atrof-muhitni asrash tadbirlarini amalga oshirish, shu jumladan, choʻllanishga qarshi kurashish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, suv resurslaridan oqilona foydalanish sohalarida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Ekologiya jamgʻarmasiga xalqaro moliya institutlari va byudjet mablagʻlari hisobidan 25 milliard soʻm miqdordagi mablagʻlar oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
15. Keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, ekologiya sohasi ilmiy hamjamiyati takliflarini inobatga olgan holda tuproqning unumdor qatlamini saqlab qolish va yashil hududlarni asrash maqsadida:
2025-yil 1-iyuldan boshlab koʻp qavatli uylar massivlaridagi tuproq va yashil qoplamali umumiy foydalanishdagi hududlarni oʻzboshimchalik bilan betonlashtirganlik, qurilma va konstruksiyalarni oʻrnatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi;
2025-yil 1-avgustdan boshlab pishgan gʻisht ishlab chiqarishdan muqobil texnologiyalardan keng foydalanishga oʻtish maqsadida devorbop materiallardan (penoblok, gazoblok) keng foydalanuvchi qurilish tashkilotlariga “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik beriladi;
2026-yil 1-yanvardan boshlab pishgan va xom gʻisht ishlab chiqarishda yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2025-yil uchun belgilangan stavkaga nisbatan 2 baravarga oshirilgan holda qoʻllanadi hamda 2027-yildan bosqichma-bosqich qoʻshimcha ravishda oshiriladi;
2027-yil 1-yanvardan boshlab yer resurslarini muhofaza qilish va tuproqning unumdor qatlami yoʻqolib ketishining oldini olish maqsadida qishloq xoʻjaligiga, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga moʻljallangan yerlar, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar, oʻrmon va suv fondi yerlarida tuproq karyerlari faoliyati taqiqlanadi;
koʻp qavatli turar joylarni loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilishda oqova, yomgʻir va texnik suvlardan sugʻorishda foydalanish tizimlarini tashkil etish majburiy etib belgilanadi.
16. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L.Kudratov), Energetika vazirligi (J.Mirzamaxmudov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I.Norqulov), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh.Xidoyatov), Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (A.Jumanazarov), Savdo-sanoat palatasi (D.Vaxabov) ikki oy muddatdaenergiya samarador materiallarni mamlakatimizda ishlab chiqarish hajmini oshirish va ulardan keng foydalanish boʻyicha dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, koʻpaytirish va ularni keyingi avlodga yetkazish borasida 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni yigʻish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish tartibi joriy etilsin. Bunda:
kvotalar Fanlar akademiyasi tomonidan har yili aniqlanadigan oʻsimlik zaxirasi asosida shakllantiriladi;
kvota va ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, auksionga chiqariladi.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish
va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov belgilansin.
18. Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarning ekologik ishlab chiqarishga oʻtishdagi harakatlarini ragʻbatlantirish maqsadida 2025-yil 1-avgustdanboshlab quyidagi tartib joriy etilsin:
a) birinchibosqichda – atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalarini oʻrnatgan korxonalarga:
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan shakllangan qarzdorlikdan voz kechish;
tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining50foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomida qaytarish;
b) ikkinchi bosqichda – monitoring stansiyalarini oʻrnatgan korxona kelgusi bir yil davomida chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarinioʻrnatganda, tabiatga zarar yetkazish boʻyicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan kompensatsiya toʻlovlarining70foizigacha boʻlgan qismini ikki yil davomidaqaytarish belgilansin.
Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlar davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan beriladigan xulosa asosida taqdim etiladi;
v) 2025-yil 1-noyabrga qadar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan xoʻjalik faoliyatini yurituvchi korxona va tashkilotlar tomonidan yetkazilgan ekologik zararlarni majburiy sugʻurtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovikki oy muddatda respublikada atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, xususan, sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini bosqichma-bosqich oʻrnatishboʻyicha dasturni tasdiqlasin va uning ijro etilishini qatʼiy nazoratga olsin.
19. 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlarini “yashil tadbirkor” sifatida eʼtirof etish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi platforma ishga tushirilsin:
a) quyidagi yoʻnalishlarda belgilangan koʻrsatkichlarni bajargan tadbirkorlik subyektlariga “yashil tadbirkor”maqomini berish:
koʻkalamzorlashtirish, jumladan, korxonani “yashil belbogʻ” bilan oʻrash, sugʻorish tizimlarini oʻrnatish, tomchilatish, yomgʻirlatish
va konteynerli (qopli) sugʻorish tizimini joriy qilish;
energiya tejamkorligini taʼminlash, jumladan, energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni joriy qilish;
korxonaning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmaslik, atmosferaga tashlamalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish;
ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish (“7R”) tamoyilini tatbiq etish;
b) “yashil tadbirkor” maqomini olgan tadbirkorlik subyektlariga quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralarini qoʻllash:
“Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik berish;
muayyan muddat davomida ekologiktekshiruvlardan ozod etish;
xalqaro bozorlarga chiqish uchun qoʻllab-quvvatlash;
Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi doirasida qoʻshimcha ball berish.
20. Aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida 2025-yil 1-apreldan boshlab chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil tarif”lar joriy etilsin. Bunda:
tadbirkorlik subyektlari tomonidan chiqindi va biogaz utilizatsiyasi orqali ishlab chiqariladigan hamda tashkilotlarning
oʻz hududlarida oʻrnatgan shamol va quyosh elektr qurilmalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun;
aholining quyoshdan olingan va foydalanishda oʻz ehtiyojidan orttirib, davlatga sotadigan elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar belgilanadi.
21. Iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim oʻzgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish boʻyicha:
a) 2025-yil 1-dekabrgaqadarOʻzbekiston Respublikasida “yashil moliyalashtirish” tizimini shakllantirish boʻyicha milliy dastur ishlab chiqilsin;
b) 2025-yildan boshlab quyidagi manbalar hisobidan yashil va kam uglerodli rivojlanish loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga imtiyozli kredit va grant mablagʻlarini jalb etish choralari koʻrilsin:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan – bosqichma-bosqich 200 million yevrogacha;
Jahon bankidan – energetika sektorida metan emissiyasini kamaytirish uchun 10 million AQSH dollari;
Global yashil oʻsish instituti orqali Koreya xalqaro hamkorlik agentligi texnik koʻmagi doirasida – Oʻzbekiston – Koreya oʻrtasida “yashil hamkorlik”ni kuchaytirish uchun 6,5 million AQSH dollari;
Jahon bankining “iCRAFT” loyihasi doirasida – 500 ming tonna qisqartirilgan issiqxona gazlarini sotish hisobiga 7,5 million AQSH dollari;
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatidan – sanoatni yashillashtirish va azot kislotasi ishlab chiqaruvchi korxonalarning atmosferaga chiqarayotgan zararli gazlarini qisqartirish uchun 20 million yevro;
v) 2025-yil sentyabrga qadar “yashil iqtisodiyot” loyihalarini amalga oshirishda shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan milliy
“yashil iqtisodiyot” loyihalarini baholash tartibi tatbiq etilsin;
g) 2025-yil noyabrga qadar qiymati 10 millionAQSH dollaridan yuqori boʻlgan davlat-xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni “Source” xalqaro platformasiga kiritish orqali loyihalarning “yashil komponent”lari va barqaror rivojlanish maqsadlariga mosligini baholash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
d) Yevropa Ittifoqining texnik koʻmagida Buxoro, Namangan, Nukus, Urganch shaharlari va Gʻuzor tumanida kam uglerodli rivojlanish boʻyicha harakatlar rejalari ishlab chiqilishi hamda 10 ta ijtimoiy obyektning energiya samaradorligi oshirilishi taʼminlansin.
Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov belgilansin.
22. Belgilansinki, 2025-yilda ekologik barqarorlikni taʼminlovchi hududlar va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni taʼminlash borasida:
2025-yildan boshlab shakllantiriladigan investitsiya dasturlari, tarmoq, sohalar va hududlarni rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalarning 15 foizida, 2027-yildan boshlab – 30 foizida, 2030-yildan boshlab –55 foizida“yashil komponentlar” boʻlishi lozim;
davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ishlab chiqiladigan uglerodneytralligiga erishish, iqlim oʻzgarishiga moslashish, atrof-muhitni asrash, yashillik darajasini oshirish va “yashil loyihalar”ni amalga oshirishga qaratilgan “yashillik dasturlari” Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi;
har yili davlat organlari va ijtimoiy obyektlarning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va “yashil texnologiya”larni joriy qilish boʻyicha ekologik reytingi yuritib boriladi.
23. Hududlarda atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha ishlarni samarali tashkil qilish, hududiy davlat organlari va tashkilotlariningbu boradagi faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishgan holda ekologiya va “yashil rivojlanish” masalalari boʻyicha konsultantlar xalqaro moliya institutlari grant mablagʻlari hisobidan jalb qilinsin;
2025-yil 1-sentyabrdan boshlab tuman (shahar) darajasida ekologik pasportlar va ekologik master rejalar hamda hududlarning ekologik reytingini ishlab chiqish va keng jamoatchilikka taqdim etish amaliyoti joriy etilsin.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov jalb qilinadigan konsultantlarning faoliyatini muvofiqlashtirishga masʼul etib belgilansin.
24. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (Q.Kuranbayev):
bir hafta muddatda tuman va shaharlar kesimida 2025-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda daraxt koʻchatlarini hamda xonadonlar va ichki koʻchalarga gul va qalamchalarni ekish dasturlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini;
2025-yil bahor-kuz mavsumlarida respublikadagi barcha mahallalarning ichki koʻchalari va aholi xonadonlarida 32 million tupmevali va manzarali daraxtlar, buta koʻchatlarini hamda rayhon, gultoji, atirgul va boshqa gullar, shuningdek, qalamchalarni ekish
va parvarishlab borishni;
“Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish maqsadida 2025-yilning 10-fevraldan 10-martga qadar har bir xonadon, koʻcha va qabristonlardaobodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishni;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Navroʻz bayramiga qadar mahallalar oʻrtasida “Obod xonadon”, “Obod koʻcha” va “Obod mahalla” koʻrik-tanlovlari oʻtkazilishini taʼminlasin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlar Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasi, homiylik va xayriya mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin;
b) Bosh prokuratura (Sh.Toʻxtaboyev) Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (Q.Kuranbayev) bilan birgalikda joylarga chiqqan holda mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
25. 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat va tuman (shahar) hokimlarini lavozimlariga tasdiqlashda va lavozimdan ozod etishda quyidagi ekologik koʻrsatkichlarni belgilash boʻyicha ekologik audit oʻtkazilib borilsin:
hududning yashillik va oʻrmonlar bilan qoplanganlik darajasi hamda oʻrmonlar va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni;
hududdagi daraxtlar soni;
shaharlar va yirik sanoat korxonalarining yashil belbogʻlar bilan oʻralganlik darajasi;
suv havzalari va daryo oʻzanlaridagi qum va shagʻallar holati;
atmosferaga tashlamalar miqdori va havo ifloslanishining darajasi;
atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifalarga mansub korxonalarning atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringi stansiyalari, chang-gaz va lokal suv tozalash uskunalarini oʻrnatganlik holati;
aholiga chiqindilar boʻyicha xizmat koʻrsatishning qamrovi, chiqindi yigʻish shoxobchalari va konteynerlari bilan taʼminlanish holati va xizmat koʻrsatish sifati darajasi.
26. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A.Abduxakimov) bir oy muddatda davlat ekologiya nazorati va tekshiruvni amalga oshirish tartibini takomillashtirish, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, uning xodimlarini maxsus texnika va transport vositalari bilan taʼminlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
27. Davlat byudjeti mablagʻlaridan samarali va oqilona foydalanishda parlament nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida Hukumatning Davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Hisob palatasining tashqiaudit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
28. Bosh vazir oʻrinbosari J.Xodjayev, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov, iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari I.Norqulov turizm salohiyati yuqori boʻlgan togʻli hududlar, suv omborlari va suv havzalari hamda daryo boʻylarida “apart-otel”, “kapsula” uylar va shu kabi joylashtirish vositalaridan iborat turizm majmualarini tashkil etishga 500 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
29. Qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanish va aholini doimiy daromad manbalari bilan taʼminlash maqsadida:
2025-yil 1-martga qadar tajriba-sinov tariqasida tanlab olingan yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sugʻorish tizimini buzmagan holda, 3 gektardan 50 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda, ijarachilarning mustaqilligi va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim boʻyicha auksion savdolari orqali ajratilsin;
tuproq agrokimyoviy tahlillarini oʻtkazish maqsadida 10 ta portativ-mobil laboratoriyani xarid qilish taʼminlansin;
organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladigan yer maydonlari 10 ming gektarga yetkazilsin.
Mazkur bandning ijrosini taʼminlashga masʼul etib qishloq xoʻjaligi vaziri I.Abduraxmonov belgilansin.
30. Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov) Adliya vazirligi (A.Tashkulov) bilan birgalikda 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab davlat xizmatlari koʻrsatilishida qogʻoz shaklidagi hujjatlar aylanmasining toʻliq elektron shaklga oʻtkazilishini taʼminlasin.
31. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Davlat dasturi) doirasida quyidagilar 1-21-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:
2025-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi;
2025-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarloyihalari roʻyxati;
2025-yilga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar;
2025-yilda atrof-muhitni asrash yoʻnalishida vazirlik
va idoralar tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar rejasi;
2025-yilda atrof-muhitni asrash boʻyicha xalqaro hamkorlik yoʻnalishida chora-tadbirlarni amalga oshirish rejasi;
Oʻzbekiston Respublikasida “Yashil turizm” dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi;
2025-yilda hududlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarini joriy etish rejasi;
2025-yilda bahor-kuz mavsumlarida “Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida mahallalarda daraxtlarni ekish boʻyicha reja;
2025-yilda bahor mavsumida mahallalarda xonadonlar va ichki koʻchalarga gul hamda qalamchalarni ekish boʻyicha reja.
32. Bosh prokuratura (Sh.Aminov) kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish rejasining ijrosini taʼminlash, shuningdek, quyosh panellari va geliokollektorlar oʻrnatilishida qonunchilik talablariga soʻzsiz rioya etilishi ustidanqatʼiy nazoratni amalga oshirib borsin.
33. Belgilab qoʻyilsinki:
Davlat dasturini soʻzsiz, sifatli va toʻliq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagiustuvor vazifasi hisoblanadi;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari Davlat dasturida har chorak kesimida tegishli yoʻnalish va hudud boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlargaerishish, nazarda tutilgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish va zarur normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻz vaqtida va puxta ishlab chiqish uchun shaxsan javobgar boʻladi.
34. Quyidagilar:
Adliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda Davlat dasturi doirasida yoʻnalishlar boʻyicha amaliy tadbirlar rejalaribajarilishini, maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini va tegishlinormativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini tizimli monitoring qilib borsin;
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakati Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy oʻrganib borsin va natijalari boʻyicha har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro hokimiyati organlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish”harakatining mazkur band ijrosi boʻyicha faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashib borsin.
35. Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda mazkur Farmon va u bilan tasdiqlangan Davlat dasturi ijrosini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qabul qilsin;
har oy yakuni boʻyicha Davlat dasturi ijrosi yuzasidan maʼlumotlarni umumlashtirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin;
har chorak yakuni boʻyicha Davlat dasturida yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini Vazirlar Mahkamasining Rayosati yigʻilishida muhokama qilib borsin;
har yarim yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borsin.
36. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Djurabayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:
Davlat dasturini amalga oshirish natijalari, “yashil iqtisodiyot”ga oʻtishdagi yutuqlarni aks ettiradigan tahliliy materiallarning ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning borishi hamda natijalari toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlar aholiga tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.
37. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2025-yil 30-yanvar,
