Giyohvandlik – asr vabosi!
2025-06-17 14:15:00 / Yangiliklar
Giyohvandlik – asr vabosi! Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar va huquqbuzarliklar, ularni sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlari, oldini olish uchun e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar yuzasidan.
Insoniyat tarraqiyotning yangi-yangi cho‘qqilarini zabt etmoqda. Biroq jahonda xalqlar, millatlar kelajagiga tahdid tug‘diruvchi bir qancha omillar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shunday xatarlardan biri giyohvandlik balosidir. Global muammoga aylangan ushbu illatga qarshi kurashishda davlatlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Giyohvandlik insoniyatni jismoniy va ruhiy jihatdan tubanlikka eltuvchi, aql-idrokdan mahrum etib, ikki dunyo xorligiga yetaklovchi ofatdir. Giyohvand moddalar insonni ayni kuch-quvvatga to‘lgan davrida alkogolga nisbatan 4-6 barobar tezroq halokatga uchratadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1987 yil 7 dekabrdagi qaroriga asosan, 26 iyun “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” deb e’lon qilingan. Shuningdek, BMT tomonidan “Narkotik moddalar to‘g‘risida”gi, “Psixotrop moddalar” hamda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi qurash to‘g‘risida”gi konvensiyalar qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” Qonuni qabul qilingan.
Giyohvandlikning asoratlari quyidagilardan iborat:
1. Iqtisodiy asoratlar: katta pul sarflanishi, daromadlarning yo‘qolishi, ishni yo‘qotish, qarzga botish, talonchilik va tilanchilik.
2. Ma’naviy asoratlar: oilalarning buzilishi, befarqlik, tushkunlik, norozilik, xudbinlik, mahdudlik.
3. Jinoiy asoratlar: o‘g‘rilik, bosqinchilik, odam o‘ldirish, urush va terror.
Albatta, bunday holatlarning oldini olish, chek qo‘yish maqsadida qonunchiligimizda ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari mavjud. Xususan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni internetda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda Prezidentimiz tomonidan imzolangan O‘RQ-971-sonli qonunga ko‘ra, ayrim kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Shuningdek giyohvandlik vositalar yoki psixotrop moddalarni, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanishi belgilandi:
BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima;
360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. Mazkur ma’lumotlarga e’tibor qaratib xulosa qiladigan bo‘lsak, hurmatli ota-onalar, o‘qituvchi-murabbiylar hamda mahallaning oldida juda katta mas’uliyat bor. Shu bois, atrofingizdagilarga, ayniqsa yoshlarga juda e’tiborli bo‘lish lozim bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi raisi B.Yakubov
