“To‘maris izdoshlari” tanlovi oldidan tantanali harbiy parad bo‘lib o‘tdi
2025-10-06 16:40:00 / Yangiliklar

Paradda qatnashgan xotin-qizlar qat’iy qadam tashlab, intizom, vatanparvarlik va fidoyilik namunalarini namoyon etdilar. Ularning saf tortib o‘tishlari, Vatanga sadoqat madhiyasi yangragan onlarda, yurtga muhabbat, sadoqat va g‘urur tuyg‘usi barchaning qalbini to‘lqinlantirdi.
Tadbir davomida ayol harbiylarning mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashdagi o‘rni, ular ko‘rsatayotgan jasorat va fidoyilik yuksak e’tirof etildi. Ularning har biri nafaqat xizmatdagi burchini ado etayotgan, balki yosh avlod uchun Vatanga sadoqat va mardlik timsoliga aylangan ayollardir.
Marosimda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi — Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamda tegishli vazirlik va idoralar mas'ul vakillari ishtirok etdi.









