“Kitobxon onalar kuni” ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi
2025-05-16 13:50:00 / Yangiliklar

Tadbir “Xalqaro oila kuni” hamda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva tavalludining 78 yilligiga bag‘ishlab “Kitobxon onalar kuni” ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.
Milliy kutubxona, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o‘tgan bugungi tadbirda oila qadriyati, farzand tarbiyasi, adabiyotning inson kamolotidagi o‘rni, shoira Halima Xudoyberdiyeva she’riyatidagi vatanparvarlik ruhi mavzularida suhbat va muloqotlar o‘tkazildi.
Tadbirda shoira va jurnalist Xosiyat Bobomurodovaning “Baxt maydoni” nomli saylanmasi, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Muhayyo Mirsaidovaning “Gullayotgan daraxt” kitobi Munira Ramazonovaning “Seni izlayman” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi xodimi Guljamol Asqarova, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shahlo Axrorova, shoira Gulchehra Shahobiddinlar so‘zga chiqib, yurtimizda oila, ayollar va ma’naviy qadriyatlarni asrash borasidagi islohotlar haqida fikr bildirdi.
“Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibasi, aktrisa Odina Abdurahmonova ijrosidagi “Onalar kitob o‘qing” she’riy kompozisiyasi tinglandi. Shuningdek, O‘zbekiston Xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva haqida tayyorlangan rolik namoyish etildi. Tadbirda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari Maftuna To‘rayeva, Saidakbar Xolmatovlar tomonidan kuylangan milliy qo‘shiqlar o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Tadbir Sirg‘ali tumanida yashovchi kitobxon onalar mushoirasi bilan yakunlandi. Ma’lumot uchun - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan 3 yildan buyon xotin-qizlarni kitobxonlikka jalb etish va ular o‘rtasida kitob o‘qish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish, oilalarda ma’rifiy muhitni ta’minlash maqsadida o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadbir 35 marotaba tashkil etildi va 25 mingga yaqin kitobxon onalarni loyihaga jalb etdi Loyiha doirasida 200 ga yaqin kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.









