Toshkent viloyati hududlarida xotin-qizlar bandligini taʼminlash va intensiv usulda pillachilik rivojlantiriladi
2024-12-23 20:00:00 / Yangiliklar

Bosh vazir oʼrinbosari, Oila va xotin-qizlar qoʼmitasi raisi Z.Mahkamova Toshkent viloyati hokimi oʼrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʼi N.Normirzaeva hamroxligida Chinoz tumanida xotin-qizlar bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan ishlarni oʼrganish, shuningdek, aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Z.Mahkamova "Birlik" mahallasida xonadonma-xonadon yurib, ishsiz xotin-qizlar va ularning bandligini taʼminlash imkoniyatlarini, shuningdek, tadbirkorlikka qiziqish va soha rivojlanishiga oid tahlillarni qildi.
Mahallada asosiy daromad manbai boʼlgan issiqxonachilik sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. "Birlik" mahallasida 616 ta xonadon boʼlib, ularning 90% dan ziyodi aynan issiqxonachilik orqali daromad topadi.
Oʼtgan yilda mazkur mahalla 30 ming tonna qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini eksport qilishgan.
Shuningdek, mahalla yettiligi bilan olib borilgan suhbatda kambagʼallikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqachilik va xizmat koʼrsatish sohalarini kengaytirish, xotin-qizlar orasida qoʼshimcha kasblarga oʼqitish va ish bilan taʼminlash orqali norasmiy bandlik ulushini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif davomida "Birlik" mahallasida tomorqachilik orqali yaxshi daromad koʼrayotgan M.Xaliqulova bilan ham suhbat oʼtkazildi.
U 40 sotix issiqxonada koʼchatchilikni yoʼlga qoʼygan boʼlib, mahalladagi 30 nafar xotin-qizlarga issiqxonachilik sohasida oʼz bilimlarini oʼrgatib kelmoqda.
Shundan soʼng, Bosh vazir oʼrinbosari Z.Mahkamova va Chinoz tumani hokimi Sh.Salixov tumanda qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy pillachilik majmuasi loyihasini koʼzdan kechirishdi.
Ushbu loyixa, Xitoy investorlari tomonidan tashkil etilgan «JINGZE INTERNATIONAL SILK» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Loyihaning maqsadi intensiv usulda pillachilikni yoʼlga qoʼyishdir. Tuman hududidagi 293 gektar samarasiz foydalanilayotgan tutzorlar shartnoma asosida investorga ijaraga berildi.
Loyihaning qiymati 2.5 million dollarni tashkil qiladi va 300 nafar ish oʼrni yaratilishi rejalashtrilgan boʼlib, shundan 260 nafari mavsumiy, 50 nafari doimiy ishchi xodimlar boʼlishi koʼzda tutilgan.
Yiliga 900 quti, bir mavsumda yesa 300 quti ipak qurti boqiladi. Bir yil davomida 50 tonna pilla xomashyosi yitishtirilishi rejalashtirilgan.
Loyihada 1 ta qurtxona va quritish uskunalari ishlab chiqarish zavodi qurilishi, 25 gektar yer maydonida oʼrma tutzorlar barpo etilishi rejalashtirilgan. Natijada 1.5 million dollar qiymatida ipak eksport qilinishi kutilmoqda.
Bosh vazir oʼrinbosari Z.Mahkamova majmua qurilishini koʼzdan kechirar ekan uning samarali ishlashini taʼminlash boʼyicha tegishli mutasaddilarga koʼrsatmalar berdi.
Majmua Xitoy va Vetnamning ilgʼor tajribalari asosida barpo etilishi va innovatsion pillachilik usullarini joriy etishni koʼzda tutgan.



