🔖 Rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2024-09-20 18:05:00 / Yangiliklar

Albatta, tizimda foiz jihatidan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etmaydi. Chunki oila va ayollar masalalari, tizimga yuklangan vazifalar ko‘lami kattaroq tajriba asosida yondashishni talab etadi. Shunday bo‘lsa-da, tizimda kadrlar tarkibini yangilash, yosh kadrlar bilan to‘ldirish ishlari davomli olib borilmoqda.
Albatta, xalqimizga, davlatimizga liberal qarashli, keng fikrli, o‘z ishiga kreativ yondashadigan, zamonaviy bilimlarni egallagan, ruhiyatida milliy qadriyatlarni asragan kadrlar zarur.
Keyingi yillarda mamlakatimizda:
- Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hududiy filiallari bilan hamkorlikda ijtimoiy va siyosiy faol, salohiyatli xotin-qizlar turli rahbarlik lavozimlariga tavsiya etib borilmoqda.
- Ijtimoiy va siyosiy faol, salohiyatli xotin-qizlarning malakasi va kasbiy mahoratini oshirish hamda turli lavozimlarga tavsiya etib borish maqsadida 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.
- 400 nafardan ortiq Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlarining davlat va jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va o‘rnini oshirish maqsadida ularning bugungi kundagi faoliyatini tahlil qilish, zarur hollarda sovrindorlarning yetakchilik qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash, o‘z sohasidagi yutuqlarini munosib baholash choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida va barcha hududlarda “Qizlarjon” klublari ham tashkil etilgan. Klub atrofiga 42 mingga yaqin faol qizlar jalb etilgan.
Hamma zamonlarda ham ayol zoti o‘zini namoyon etishi uchun sharoitlar yetarli bo‘lavermaydi, chunki, ko‘p hollarda stereotiplar, vaziyatlar to‘siq bo‘lishi mumkin. Masalan, ta’lim sohasini oladigan bo‘lsak, avvallari qizlar va o‘g‘il bolalarning oliy ma’lumot olishlari, imtiyozli o‘qishlari bo‘yicha keskin farqlar bor edi.
Zamonaviy siyosiy menejment va innovasion g‘oyalarni tatbiq etish, yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi ham ustuvor vazifa qilib belgilandi. Bu boradagi ayrim imkoniyat va imtiyozlarni sanab o‘taman:
– ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan xotin-qizlar uchun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomasiga asosan davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari natijalariga muvofiq davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.
– mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qiz har yili Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomalariga asosan davlat OTMlariga test sinovlari natijalariga muvofiq kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.
– oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda, sirtqi va kechki ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktlarini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berish tizimi joriy etildi.
– muhtoj yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarni, shuningdek, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da turuvchi xotin-qizlarni oliy ta’limdagi kontrakt-to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi.
– davlat OTMlarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilishi belgilandi.
– xorijiy oliy ta’lim muassasalari ta’lim dasturlari bo‘yicha xotin-qizlarga har yili “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qo‘shimcha grantlar ajratib borish yo‘lga qo‘yildi.
– davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borish tizimi joriy etildi.
O‘zaro muloqot jarayonida Qo‘mita raisi ishtirokchi yoshlarga “Prezidentimiz va xalqimiz izlayotgan, orzu qilayotgan ulkan potensialga ega, aholi hayotini yanada farovon bo‘lishi yo‘lidagi innovasion g‘oyalarni, kreativ yondoshuvlarni ilgari suradigan, qotib qolgan aqidalarni parchalashga, katta tashabbuslarni siyosiy maydonga olib chiqishga qodir kadrlar bo‘lib yetishasizlar” deb ishonch bildirdi.
Shu yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengash deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in kechmoqda. Saylov — har bir partiya uchun katta sinov, shu bilan birga keng imkoniyat va mas’uliyat degani. Ayniqsa, bu yilgi yangicha, aralash tizimda o‘tadigan saylovlarda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi o‘zaro raqobat, g‘oyaviy kurash yanada yuqori darajaga ko‘tariladi.
Qayd etish lozimki, saylov qonunchiligiga ko‘ra, ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida qirq foizini tashkil etishi kerak. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan gender tenglik siyosati, xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini yuksaltirish borasidagi islohotlarga mos va hamohang bo‘lgan jihatdir.
Muloqot jarayonida iqtidorli qizlar, Zulfiya mukofoti sovrindorlari so‘zga chiqib, mamlakatimizda aynan qizlar uchun yaratilgan imtiyozlarning ahamiyati, bu imtiyozlar ularning hayotida juda katta muvaffaqiyatlar uchun debocha bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladilar.
Respublikaning barcha hududlaridan ZOOM platformasi orqali onlayn ulanishdi.
Tadbir yakunida yoshlarga esdalik sovg`alari berildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati
















