O‘zbekiston Respublikasi Tadbirkor ayollarining murojaatnomasi
2024-07-23 18:25:00 / Yangiliklar
Hunarmandlar, ishlab chiqaruvchilar, fermerlar, biznes olami vakillari!
Tadbirkor ayollarning ko‘payishi, mamlakatimizdagi minglab ayollarning o‘z mustaqil faoliyatiga, daromad manbaiga ega bo‘lishlarini, oilalarining moliyaviy imkoniyati kengayishi va turmushi farovonlashishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
O‘zbekistonda yirik va o‘rta korxonalarga ega bo‘lgan kuchli tadbirkorlar jamoasi tadbirkorlik olamidagi ayollar kelajagini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z qarashlarini, taklif va tashabbuslarini erkin namoyon etadigan vaqt keldi!
Tadbirkor degani, har qanday vaziyatda oqilona tadbir qo‘llay oladigan, mablag‘ini donolik bilan sarflaydigan ziyoli, real shaxs degan ma’noni anglatadi.
Bugun ishbilarmon yurtdoshlarimiz safida o‘z mehnati, intilishi va tashabbusi bilan e’tibor qozonayotgan tadbirkor ayollar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Lekin, bu saf yanada kengaymog‘i zarur.
Biz - tadbirkor ayollar Vatanimiz va xalqimiz farovonligi yo‘lida birlashadigan, qo‘lni qo‘lga beradigan davr keldi!
Keling, nafaqat xalqimizning, balki butun insoniyatning moddiy va ma’naviy yuksalishiga xizmat qiluvchi eng samarali tashabbuslarni ilgari suraylik!
Bu tashabbuslar barcha oilalar, farzandlar, onalar uchun xizmat qilsin!
Turfa tajovuzkorliklar avjlanayotgan, dunyo ko‘zdagi bir tomchi yoshdek qalqib turgan bir pallada biz tadbirkor ayollarning burchimiz, vazifamiz naqadar ulkanligini yanada chuqurroq anglaylik!
Yaratgandan ayol zotiga tabiiy berilgan tadbirkorlik, ishbilarmonlik, oqilalik salohiyatni kuchaytiraylik!
Endi ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy, iqtisodiy hayot maydonlariga “men” emas, “biz”ga aylanib qadam tashlaylik!
Davlatimiz Rahbari yuksak minbarlardan turib joriy etayotgan - ayolning o‘z hayotidan rozi yashashi, oila bag‘ri but-unligi, jamuljamligi, osuda hayot, farzandlar kamoli kabi oliy orzu-maqsadlar bilan uyg‘un dasturlar, loyihalarning amaliy ijrosi uchun ko‘maklashaylik!
Jonajon O‘zbekistonimiz tarixining eng yorqin sahifalarida biz haqimizda: "21-asrning tadbirkor ayollari O‘zbekiston degan ulug‘ mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganlar. Bu ayollar hunarmand, bunyodkor, quruvchi, chevar, fermer, chorvador, sanoat va iqtisodiyotning barcha sohalarida faol bo‘lganlar.
Ular ona Vatanlarini va farzandlarini yuksaltirish uchun o‘z sarmoyalarini safarbar qilib, xalqiga yordam bera olganlar. Ular ziyoli va ma’rifatli tadbirkor onalar bo‘la olganlar!" degan yozuvlar qolsin!
Biz - O‘zbekistonning tadbirkor ayollari nafaqat oilamiz va farzandlarimizni oyoqqa qo‘yishda, balki xalqimizning farovon hayotini, davlatimizning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda zo‘r ta’sir kuchiga ega bo‘laylik!
Yurtimizning iqtisodiy hayotiga yangi g‘oyalar olib kiraylik!
Muammolariga yechim izlayotgan ayollarimiz, opa-singillarimizning dardiga davo, og‘riqlariga malham bo‘laylik!
Dadil qadamlarimiz, yoniq tafakkur va uyg‘oq qalbimiz bilan dunyoga teran boqaylik!
Biz ilgari surayotgan tashabbuslar, yangi loyihalar O‘zbekistonimizda olim-u olima, shoir-u shoiralar, yurt bayrog‘ini ko‘klarga ko‘taruvchi polvonlar, Navoiy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Zebunisobegim, Nodirabegimlarning munosib davomchilarining hayot maydonlariga kirib kelishiga, zamonaviy jadid va jadidalarimiz jahon minbarlarini zabt etishiga asos bo‘lib xizmat qilsin!
Avvalo, o‘zimizning, keyin jamiyatning fikrini, dunyoqarashini o‘zgartirishga, yangilashga hissa qo‘shaylik!
Butun dunyo biznes hamjamiyati bilan ochiq muloqotlar o‘rnataylik! Mahalliy o‘zanlardan chiqib, o‘z brendiga ega ekspertchilarga aylanaylik!
Ayollar o‘z biznesini boshlashida duch kelayotgan to‘siqlarni yengib o‘tishlarida, hayot sifatini yaxshilashda, kichik va o‘rta korxonalarni yaratishda, biznes sohalarida xilma-xillikka erishishda yetakchi kuchga aylanaylik!
Hurmatli o‘z biznes faoliyatida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan yetakchi tadbirkor ayollar!
Mamlakatimizning barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun ayollarga teng imkoniyatlar yaratish, biznes va jamoat hayotida muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lgan ko‘plab O‘zbekiston ayollari uchun rag‘bat berish bizning faoliyatimizning mazmuniga aylansin!
Iqtisodiyotda gender tenglikka erishishda, gender tafovutni bartaraf etishda tashabbuskor bo‘laylik!
Bir tan-u bir jon bo‘lib hukumat va moliya institutlari ayollarning kapitalga kengroq kirishini ta’minlashi uchun kerakli chora-tadbirlarni yanada kengroq ko‘rishida talabgor bo‘laylik!
Ayollarga o‘z moliyasini qanday boshqarishni va o‘zlarini diskriminatsiyadan himoya qilishni yaxshiroq tushunishga yordam beradigan moliyaviy savodxonlik dasturlarini jahon andozalari darajasida amaliyotga tatbiq etaylik!
Har qanday stereotiplarni parchalab, oilalarga ayollarning imkoniyatlarini kengaytirishning ahamiyati haqida ma’lumotlar berib, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va ayollarning biznesda muvaffaqiyat qozonishiga yordam berish mumkinligini xalqimizga yetkazaylik!
Kelgusi avlodlarimiz, farzandlar-u nabiralarimizni el-yurtimizga xizmat qiladigan, ma’rifatli hamda ishbilarmon, tadbirkor, yuksak ma’naviyatli qilib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik va birlashaylik!
Harakatlarimiz natijasida ayollar faolligini oshirish orqali oilalar obodligi, barqarorligi, pirovardida, jamiyat ravnaqi ta’minlansin!
Aziz tadbirkor ayollar!
Biz tadbirkorlarmiz! Biz jamiyatda dunyo ayollari ichra bir qadam oldinda yurishi shart bo‘lgan ayollar safimiz!
Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat aytganlaridek: Biz onalar – butun bashariyatning tarbiyachilarimiz!
Shu ulug‘ vazifamizni hech qachon unutmaylik!!!
O‘z o‘zimizni, ulkan salohiyatimizni buyuk Vatanimiz, aziz xalqimiz saodati yo‘lida safarbar qilaylik!!!
O‘zbekiston Respublikasi tadbirkor ayollari!