Toshkent viloyatida 2025-yilda oila va xotin-qizlar masalalari yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi
2026-02-07 14:55:00 / Yangiliklar

Mazkur yo‘nalishda olib borilgan ishlar Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda hududiy mas’ul rahbarlar, 22 ta tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari hamda tegishli hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyat aholisining 49,8 foizini xotin-qizlar tashkil etib, ularning jamoatchilik hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtiroki izchil ravishda ortib bormoqda. Xususan, mahalliy Kengashlarda ayol deputatlar ulushi 34 foizdan oshib, gender tenglikni ta’minlash yo‘lida muhim natijalarga erishildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning qariyb 59 foizi qizlar ekani ta’lim sohasida xotin-qizlar faolligining yuksalib borayotganini ko‘rsatadi.
2025-yil davomida viloyatda 343 ming nafardan ortiq xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib, minglab ayollarga imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari ajratildi.
“Ayollar daftari” tizimi orqali ehtiyojmand xotin-qizlarga manzilli ijtimoiy, moddiy va huquqiy yordamlar ko‘rsatildi.
Oilalar mustahkamligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olish borasida olib borilgan profilaktik ishlar samarasi natijasida ajrimlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamayib, ajrim yoqasida turgan ko‘plab oilalar yarashtirildi. Shu bilan birga, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha ma’rifiy va amaliy tadbirlar yanada kuchaytirildi.
Sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, ona va bola o‘limi ko‘rsatkichlarini kamaytirishga qaratilgan samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shuningdek, erta nikoh va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar Toshkent viloyatida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, oila institutini mustahkamlash hamda hududning barqaror ijtimoiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qildi.
Yig‘ilish yakunida 2026-yilda oila va xotin-qizlar yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, tegishli chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.






