Kichik imkoniyat — katta umidlar sari yo‘l
2025-12-25 09:35:00 / Yangiliklar

Hayot uni sinovlarga duchor qilgan bo‘lsa-da, u hech qachon ishonchini yo‘qotmadi. Maktabni tamomlagach, tikuvchilik va to‘quvchilik sirlarini o‘rganib, mehnat bilan yashashni o‘ziga shior qildi. Ammo bilim va hunar har doim ham yetarli bo‘lavermaydi — ba’zan imkoniyat kerak bo‘ladi.
Ana shunday imkoniyat “mini loyiha” orqali eshik qoqdi. Bugun Zarina ijtimoiy xodimi bilan birgalikda ushbu loyiha asosida o‘z faoliyatini kengaytirish ustida ishlamoqda. To‘quvchilikni yanada chuqurroq o‘rganib, hunarini mukammallashtirmoqda. Eng quvonarlisi, u o‘z yo‘lini yolg‘iz bosib o‘tayotgani yo‘q — mahalladagi kambag‘al oilalar farzandlariga ham bu kasb sirlarini mehr bilan o‘rgatmoqda.
Zarinaning qo‘llarida iplar jimgina to‘qilayotgandek tuyuladi. Ammo aslida u yerda nafaqat mato, balki taqdirlar, orzu-umidlar, ertangi kunlarga ishonch ham to‘qilmoqda. Har bir o‘rgatilgan hunar — yana bir mustaqil qadam, yana bir qaramlikdan xalos bo‘lish yo‘li.
“Mini loyiha” — bu shunchaki loyiha emas. Bu — ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini qayta tiklaydigan, mehnatga mehr uyg‘otadigan, hayotni yangidan boshlashga jur’at beradigan imkoniyat. Zarina Haqberdiyeva misolida bitta haqiqat yaqqol ko‘rinadi: inson qo‘llab-quvvatlansa, u nafaqat o‘zini, balki boshqalarni ham yuksakka ko‘tara oladi.



