Inspeksiya haqida
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari
1. Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
o‘ta muhim gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini, ishonchli ishlashini hamda qo‘riqlanishini nazorat qilish;
o‘ta muhim gidrotexnika inshootlarini joylashtirish va loyihalashtirish bo‘yicha topshiriqlarni hamda ulardan foydalanish bo‘yicha qoidalarni kelishish, shuningdek, ularning xavfsizligi qoidalarini ishlab chiqish va mezonlarini belgilash;
o‘ta muhim gidrotexnika inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, foydalanishga qabul qilish, konservatsiyalash va tugatish ishlarida ishtirok etish hamda tegishli xulosalar berish;
yer usti suvlari obyektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlaridan foydalanish jarayonida ularning barqaror ishlashini nazorat qilish;
huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar yuritilishini nazorat qilish.
Inspeksiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
2. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda gidrotexnika inshootlarining texnik holati hamda bexatar ishlashi bilan bog‘liq hodisalarning oldini olishga doir takliflarni ishlab chiqadi;
gidrotexnika inshootlarining holatini va ularning xavfsizlik deklaratsiyalariga va mezonlariga muvofiqligini tekshirishni tashkil etadi;
gidrotexnika inshootlarining texnik holatini joyida o‘rganish, naturada kuzatish va diagnostika qilish ishlarini amalga oshiradi;
tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda davlatlararo va chegaraviy suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish masalalarini chegaradosh davlatlar bilan tartibga solishda ishtirok etadi;
gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
xo‘jalik faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun gidrotexnika inshootlari hududlaridan, daryolar o‘zanlari va ularga tutash inshootlarning quyi va yuqori hududlaridan (suv muhofazasi zonalarida yer uchastkalari berish bundan mustasno) foydalanishni kelishadi;
vakolatli organlarga suv muhofazasi zonalarini, suv omborlari, daryolar, kanallar va kollektorlarning sohilbo‘yi mintaqalarini belgilash ishlarini tashkil etishda ko‘maklashadi, ushbu zonalar va chiziqlarga qo‘yiladigan talablarning bajarilishini nazorat qiladi;
gidrotexnika inshootlarini joylashtirish va ularning loyihalarini ishlab chiqishga doir texnik topshiriqlarni hamda foydalanish bo‘yicha qoidalarni kelishadi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizlik deklaratsiyalarini davlat ekspertizasidan o‘tkazadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
gidrotexnika inshootlari kadastrini yuritadi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizlik qoidalarini ishlab chiqadi va mezonlarini belgilaydi;
gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasida qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
gidrotexnika inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini loyiha, buyurtmachi va pudrat tashkilotlari hamda tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar mutaxassislarini jalb etgan holda o‘rganadi hamda tegishli taklif va xulosalar beradi;
gidrotexnika inshootlarini foydalanishga qabul qilish bo‘yicha ishchi va Davlat komissiyalari tarkibida ishtirok etadi hamda tegishli taklif va xulosalar beradi;
gidrotexnika inshootlarini konservatsiyalash va tugatish bo‘yicha loyihalarni o‘rganib chiqadi hamda tegishli taklif va xulosalar beradi;
suvdan foydalanish va suv iste’moli bo‘yicha belgilangan tartibga suv xo‘jaligi tashkilotlari va boshqa suvdan foydalanuvchilar, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari va boshqa suv iste’molchilari tomonidan qat’iy rioya etilishini nazorat qiladi;
suv xo‘jaligi obyektlaridan suv olish limitlari (vegetatsiya va novegitatsiya davri uchun) tasdiqlanganligi, ularga rioya qilinishi hamda suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalariga amal qilinishini nazorat qiladi;
suv obyektlaridan olinadigan va ularga quyiladigan dastlabki suv miqdorining hisobi to‘g‘ri va aniq yuritilishini o‘rganadi;
suv resurslaridan tejamli va oqilona foydalanish uchun suvdan foydalanuvchilar hamda suv iste’molchilari javobgarligini kuchaytirish, suvdan foydalanish madaniyati darajasini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini nazorat qiladi;
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan maydonlarda ushbu texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishini ish rejasi asosida nazorat qiladi;
irrigatsiya va melioratsiya tizimlari, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari, suv omborlari, nasos stansiyalari hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlarida suv resurslarining samarali boshqarilishini nazorat qiladi;
hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining tasdiqlangan suv olish limitlari bo‘yicha suv resurslari bilan ta’minlanishi, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash choralari ko‘rilishini nazorat qiladi;
irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlarining holatiga ta’sir etuvchi omillarning qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini nazorat qiladi;
suv resurslari, irrigatsiya tizimlari va sug‘orish tarmoqlaridan xo‘jasizlarcha foydalanishning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishini nazorat qiladi;
vakolati doirasidagi ishlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazadi;
Inspeksiya tomonidan suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga rioya etilishi hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan amalga oshiriladi;
suv resurslarining isrofgarchiligi, gidrotexnika, melioratsiya inshootlaridan foydalanish holatlarini o‘rganadi;
aniqlangan ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy jazolar qo‘llash bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantiradi;
davlat organlari va tashkilotlariga, shuningdek, idoraviy bo‘ysunuvidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, yuridik shaxslar va ularning mansabdor shaxslariga hamda jismoniy shaxslarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar beradi;
sohada qonun buzilishi holatlarini hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan o‘z vakolati doirasida idoraviy bo‘ysunuvidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi;
ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritadi, Inspeksiya vakolati doirasidagi ishlarni ko‘rib chiqadi va ma’muriy jazolar qo‘llaydi;
suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilari tomonidan suv olish tartibi buzilganligi uchun jarima sanksiyalari qo‘llaydi;
ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish amaliyotini tahlil qiladi, ularning hisobini yuritadi hamda ushbu sohada yagona amaliyotni shakllantiradi.
Inspeksiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3. Inspeksiya o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita yoki hududiy boshqarmalar hamda Diagnostika markazi orqali amalga oshiradi.
