NOQONUNIY SUV OLISH NUQTALARI BARTARAF ETILDI
2025-09-19 18:20:00 / Yangiliklar

Barcha jabhada bo‘lgani kabi suvdan foydalanishning ham o‘ziga xos tartib va qoidalari bor. Unga amal qilish ist’molchilar o‘rtasida suv resurslarining adolatli taqsimlanishiga xizmat qiladi.
Ammo, ayrim “ishbilarmon” suv iste’molchilari o‘zlariga tegishli ariqlarning belgilangan nuqtalaridan suv olmasdan, o‘zboshimchalik bilan o‘ziga qulay bo‘lgan, boshqa hududlarga xizmat ko‘rsatuvchi ariq va kanallar suvidan noqonuniy ravishda foydalanishga odatlanishgan.
Natijada, oqim bo‘yicha quyida joylashgan aholi va fermer xo‘jaliklarida suv tanqisligi kuzatilmoqda. Bu kabi salbiy holatlar yuzasidan “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi Buxoro viloyat boshqarmasiga ko‘plab murojaat kelib tushmoqda.
Kuni-kecha Kogon tumanida faoliyat yurituvchi “Safarov Jo‘ra” fermer xo‘jaligi rahbari Aziz Amonov tomonidan O‘ba cho‘li hududiga xizmat ko‘rsatuvchi “Shahar” arig‘iga noqonuniy suv olish nuqtasi o‘rnatilib, hech qanday hujjatlarsiz, suvdan xo‘jasizlarcha foydalanib kelinayotganligi to‘g‘risida inspeksiyaga murojaat kelib tushdi.
Inspeksiya mutaxassislari tomonidan murojaat zudlik bilan o‘rganilib, noqonuniy suv olish nuqtasi bartaraf qilindi va fermer yo‘l qo‘yilgan bu holat qanday huquqiy oqibatlarini keltirib chiqarishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, fermer xo‘jaligi rahbariga o‘z ixtiyoridagi ariqlarni hashar qilib, ishchi holatiga keltirish hamda talabnoma asosida suvdan foydalanish zarurligi tushuntirildi.
