KAMChILIKLAR ANIQLANIB, QONUNBUZARLARGA MA’MURIY VA MOLIYAVIY JARIMALAR QO‘LLANILMOQDA
2025-09-16 18:20:00 / Korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar

Xususan, mutaxassislarimiz Muzrabot tumani hududida joylashgan “Jayxun” nasos stansiyasini xavfsiz, ishonchli va texnik soz holatda ishlatish uchun amalga oshirilayotgan tadbirlar holatini o‘rganganda jamoa a’zolari tomonidan bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
“Jayxun” nasos stansiyasi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tasarrufidagi yirik suv xo‘jaligi ob’ektlaridan biri bo‘lib, 1984 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayapti. Nasos stansiyasidagi mavjud 7 ta OPV-2-185 rusumli nasos agregatlari orqali Amudaryodan 16,5 metr balandlikka suv tortib chiqarilib, Muzrabot tumanining 6,5 ming gektar ekin maydonlarini sug‘orishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarimiz o‘rganishlari jarayonida agregatlarning bittasi ta’mirtalabligi tufayli anchadan buyon ishlamayotgani oydinlashdi. Jamoa yetakchisiga zarur ehtiyoj qismini topib, tezroq agregatni ishga qo‘shish tavsiya qilindi.
O‘tkazilayotgan rejaviy ishlar va seminarlarda suv xo‘jaligi mutaxassislariga agregatlar va elektr dvigatellarni ta’mirlash ishlari, elektr uskunalar, drenaj tarmoqlari va suv ta’minoti tizimlarining texnik holatlari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tavsiyalar berilmoqda.
Jumladan, “Jayxun” nasos stansiyasiga suv keltiruvchi kanalni loyqa bosgani mutaxassislarga ko‘rsatilib, tozalash choralarini ko‘rish ko‘rsatmasi berildi. O‘rganishlar jarayonida nasos stansiyasi binosining pastki qismlarida yoritish chiroqlari kamligi tufayli yorug‘lik yetishmasligi tushuntirildi.
Shuningdek, jamoa a’zolariga gidrotexnik inshootlardan foydalanish yuzasidan belgilangan tartib-qoidalarga amal qilish, inshootlardan samarali foydalanish, suv iste’moli qoidalariga rioya qilish, suvdan foydalanishda gidrotexnik inshootlarini boshqarish va suv hisobini yuritish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
“Jayxun” nasos stansiyasi agregatlari yordamida chiqarilayotgan obihayot “Jayxun” kanaliga oqayotgani va undan Muzrabot tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi suvchilari va iste’molchilar foydalanayotgani holati o‘rganilib, aniqlangan kachililiklarni bartaraf qilish yuzasidan yozma ko‘rsatma berilgan, qonunbuzarlik holatlari yuzasidan ma’muriy va moliyaviy jarimalar qo‘llanilmoqda.
Mutaxassislarimiz qaysi gidrotexnik inshootda tadbir o‘tkazmasin, barchasida jamoalarda mehnat qilayotgan mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasining “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan vazifalardan xabardor qilinmoqda. Shu bilan birga, suvdan foydalanish madaniyatini oshirish zarurligi targ‘ib qilinayapti.
Shuhrat Suyundikov,
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi
Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i

