SUVXO‘JALIKNAZORAT INSPEKSIYASIDA USKUNALARNI TOPSHIRISH MAROSIMI BO‘LIB O‘TDI
2025-07-01 15:10:00 / Yangiliklar

Bugun Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga “O‘zbekistonda Suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” doirasida xarid qilingan uskuna va jihozlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Bu Suvxo‘jaliknazorat inspeksiyasiga ko‘rsatilayotgan texnik ko‘makning muhim bosqichi bo‘lib, uning institusional va texnik salohiyatini oshirishga qaratilgan. Loyiha doirasida tashkilotda xodimlar salohiyatini oshirish, zamonaviy ofis va dala jihozlari bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks tahlil o‘tkazilgan. Bu tahlil suv resurslarini samarali nazorat qilish vazifalarini to‘liq amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari O‘tkir Sheraliev so‘zga chiqib, suv resurslariga bo‘lgan talab yil sayin ortib borayotgan hozirgi sharoitda suvdan foydalanish ustidan nazoratni samarali amalga oshirishning strategik ahamiyatini ta’kidladi.
Shveysariya elchixonasi missiyasi rahbarining o‘rinbosari, hamkorlik bo‘limi rahbari Andrin Fink o‘z nutqida O‘zbekistonning suv resurslarini monitoring qilish va nazorat tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, Shveysariya tomoni bu yo‘nalishdagi institutsional salohiyatni rivojlantirishda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini aytib o‘tdi.
Shuningdek, inspeksiya rahbari Rustam Rahimov tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari — xodimlarni o‘qitish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. U avval olib borilgan ehtiyojlarni baholash jarayoni va amalga oshirilgan yechimlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir yakunida “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi xodimlariga 160 ta planshet, 24 ta kompyuter va 15 ta printer topshirildi. Endi Inspeksiya xodimlari joylarda aniqlangan suvga doir huquqbuzarlik holatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish uchun viloyat markaziga 80 -100 km gacha borib, qiynalib yurishmaydi.
Tarqatilgan planshetlar bilan suvga doir ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha joyida elektron shaklda bayonnoma rasmiylashtira olishadi. Bu qadam O‘zbekistonda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda ular ustidan ishonchli nazoratni ta’minlashga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Axborot xizmati

