Inspeksiyada “Gidrometriya asoslari va suv resurslarini hisobga olish” mavzusida o‘quv-trening kursi bo'lib o'tdi
2025-05-15 14:50:00 / Yangiliklar

2025 yil 15 may kuni Suv xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish” loyihasining 3-bosqichi hamkorligida “Gidrometriya asoslari va suv resurslarini hisobga olish” mavzusidagi o‘quv-trening kursining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kurs 15 maydan 20 mayga qadar, 4 kun davomida nazariy mashg‘ulotlar (kuniga 2,5 soat) hamda keyingi kunlarda har bir hududda gidrometrik poligonlarda amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Treningda Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning viloyatlardagi bo‘linmalari xodimlaridan iborat 170 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda.
Trening maqsadi:
Suv resurslarini hisobga olish, suv sarfini aniq o‘lchash, zamonaviy gidrometriya vositalaridan samarali foydalanish hamda sohadagi hisobot tizimini takomillashtirish borasida ishtirokchilarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirish.
Kurs doirasida yoritilayotgan asosiy mavzular:
• Irrigatsiya tizimlarida suv sarfini o‘lchash usullari va asbob-uskunalar;
• Suv o‘lchash vositalarini tanlash, qurish va ulardan foydalanish tartiblari;
• Gidropostlarni darajalash, qiyoslash va metrologik attestatsiyadan o‘tkazish;
• Standartlashtirilgan suv o‘lchash vositalarini joriy etish;
• Dala sharoitida amaliy suv sarfi o‘lchash mashg‘ulotlari.
Treningning amaliy qismi respublika bo‘yicha tanlab olingan ochiq irrigatsiya kanallarida o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar nazariyada olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlaydi va real ob’ektlarda suv sarfini o‘lchashda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kurs yakunlanishi bilan tinglovchilarning bilimi baholanib, ularga sertifikatlar taqdim etiladi.

