Suv xo‘jaligi inshootlari xavfsizligini ta’minlash — muhim vazifa
2026-09-25 14:00:00 / Yangiliklar

“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasida Ekspertlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda respublikadagi suv xo‘jaligi va gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi. Xususan, “Mirishkor”, “Katta Andijon”, “Narpay” kanallari, “Qarshi” gidrouzeli, “Yuqorichirchiq” suv uzeli, “Paxta-Arna” va “Bayram-saka” kanallari bosh inshootlari, “Qilichniyozboy” kanalining 1-uchastkasi “Turangi-saka” kanali bosh inshooti bilan birgalikda, 2-uchastkasi hamda “Quyimozor” yordamchi nasos stansiyasining xavfsizlik deklaratsiyalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “Bo‘zsuv” (GES-1) GESining xavfsizlik deklaratsiyasi hamda “G‘azalkent” va “Xo‘jakent” GESlarining xavfsizlik mezonlari Ekspertlar kengashi a’zolari tomonidan atroflicha muhokama qilinib, belgilangan tartibda tasdiqlandi. Ta’kidlanganidek, gidrotexnika inshootlarining xavfsizlik deklaratsiyalarini ekspertizadan o‘tkazish ularning texnik holatini baholash, mavjud va ehtimoliy xavflarni aniqlash hamda ularning oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Yig‘ilishda ekspertlar tomonidan berilayotgan xulosalarning asoslanganligi, xolisligi va sifatini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Zero, har bir ekspert xulosasi inshootning xavfsiz va ishonchli ishlashi, ekspluatatsiya jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni belgilash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu nuqtayi nazardan, ekspertiza jarayonida zamonaviy yondashuvlar va texnik talablarga qat’iy rioya etish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Ekspertlar kengashi a’zolari bilan joriy yilning IV choragida gidrotexnika inshootlari xavfsizligi bo‘yicha idoralararo samarali hamkorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Unda gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi va ishonchli ishlashini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilash, sohada mavjud masalalarni tizimli tahlil qilish, muammolarni barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Umuman, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash doimiy nazorat, monitoring, ekspertiza va profilaktik choralarni talab etadigan muhim jarayondir. Inshootlarning texnik holatini muntazam o‘rganish, xavfsizlik deklaratsiyalarini sifatli ekspertizadan o‘tkazish va sohadagi mas’ul tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali ularning ishonchli va barqaror faoliyatini ta’minlash mumkin. Ekspertlar kengashi yig‘ilishida belgilangan vazifalar ham shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, suv xo‘jaligi inshootlari xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.





