Ommaviy profilaktik tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
2026-08-20 10:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 20-avgust kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Labzak 1A-uyda suv xo‘jaligi xodimlari uchun profilaktik tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining 20 nafar xodimi ishtirok etdi.
Tibbiy ko‘rik Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining mobil tibbiy klinikasi tomonidan o‘tkazildi.
Xodimlarni ko‘rikdan o‘tkazishdan asosiy maqsad ularning salomatligini muntazam nazorat qilish, mavjud kasalliklarni erta bosqichda aniqlash, ularning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida terapevt, ginekolog-mammolog shifokorlar, shuningdek, laboratoriya mutaxassislari tomonidan xodimlarning salomatlik holati kompleks o‘rganildi. Jumladan, umumiy sog‘liq holati, yurak-qon tomir tizimi, qon bosimi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha tegishli tekshiruvlar amalga oshirildi, zarur laboratoriya tahlillari o‘tkazildi.
Shuningdek, mobil tibbiy klinikaning zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani tekshiruvlarni bevosita ish joyining o‘zida tashkil etish imkonini berdi. Natijada xodimlar ortiqcha vaqt sarflamasdan, malakali mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, salomatligi holati yuzasidan zarur tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida tibbiy madaniyat va shaxsiy gigiyenaga oid tushuntirish ishlari ham olib borildi. Xodimlarga salomatligiga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish, yuqumli va boshqa kasalliklarning oldini olish, stress va asabiy zo‘riqishni kamaytirish, jismoniy faollikni oshirish, to‘g‘ri ovqatlanish hamda ish va dam olish tartibiga rioya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.



