SUVXO‘JALIKNAZORAT INSPEKSIYASI BOSHLIG‘I QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI SUV XO‘JALIGI VAZIRLIGIDA YOSHLAR BILAN RAQAMLI SAVODXONLIK VA KIBERXAVFSIZLIK MAVZUSIDA UCHRASHUV O‘TKAZDI.
2026-06-04 10:00:00 / Yoshlar siyosati

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning raqamli texnologiyalar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularda axborot xavfsizligi madaniyatini shakllantirish hamda zamonaviy kiberxavflardan himoyalanish bo‘yicha zarur tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida inspeksiya boshlig‘i mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, elektron hukumat tizimini takomillashtirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, bugungi globallashuv va axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda raqamli savodxonlik har bir mutaxassis uchun muhim ko‘nikmaga aylangani ta’kidlandi. Xususan, xizmat faoliyatida elektron hujjat aylanishi tizimlaridan samarali foydalanish, ma’lumotlarni to‘g‘ri saqlash va ulardan xavfsiz foydalanish masalalari yuzasidan tavsiyalar berildi.
Muloqot chog‘ida kiberxavfsizlikning dolzarb jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, internet tarmog‘ida uchrayotgan firibgarlik holatlari, fishing havolalari, zararli dasturlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirilayotgan kiberhujumlar va shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy tarqalishining oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Yoshlar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, murakkab parollardan foydalanish, ikki bosqichli himoya tizimlarini qo‘llash hamda noma’lum manbalardan kelgan xabar va havolalarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishga chaqirildi.
Tadbir davomida suv xo‘jaligi tizimida raqamlashtirish jarayonlarining ahamiyati, zamonaviy axborot tizimlari va elektron platformalardan samarali foydalanish orqali ish unumdorligini oshirish, shuningdek, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi.
Yoshlar tomonidan kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish yuzasidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi. Ularning fikr va takliflari tinglanib, kelgusida bu kabi uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida yoshlar o‘rtasida raqamli madaniyatni yanada yuksaltirish, axborot texnologiyalaridan oqilona foydalanish va kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish bugungi kunning muhim talablaridan biri ekanligi ta’kidlandi.
Mazkur tadbir yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni axborot makonidagi turli tahdidlardan ogoh etish hamda davlatimizda amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga undashga xizmat qildi.




