SAYYOR QABUL — MUAMMOLARGA YECHIM, TARAQQIYOTGA QADAM.
2026-04-24 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i Rustam Raximov rahbarligida o‘tgan ushbu tadbir joylardagi dolzarb masalalarni o‘rganish va ularga amaliy yechim topishga qaratildi.
Sayyor qabulda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Otabek Sadinov tizim tashkilotlari rahbarlari hamda sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari vakillari faol ishtirok etdilar. Bu esa ochiq muloqot, o‘zaro fikr almashish va muammolarni birgalikda hal etish uchun keng imkoniyat yaratdi.
Tadbir davomida suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror va farmonlarning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, suvni tejash va undan samarali foydalanish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida ta’kidlandi.
Fermerlar va tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaatlar asosan sug‘orish tizimidagi muammolar, elektr energiyasi xarajatlari, suv limitlarini taqsimlash, tomchilatib sug‘orishda uchrayotgan texnik nosozliklar hamda yer osti sizot suvlari bilan bog‘liq masalalarni qamrab oldi. Har bir murojaat e’tibor bilan tinglanib, joyida o‘rganildi va ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Natijada, bir qator murojaatlar joyida ijobiy hal etildi, qolganlari esa nazoratga olinib, ular bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilishi belgilab olindi.
Bunday sayyor qabullar aholi dardiga quloq tutish, muammolarni joyida hal etish hamda suv xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar odamlarda ishonch uyg‘otib, hamkorlik va taraqqiyot sari yangi qadamlarni belgilab beradi.
Sayyor qabulning asosiy maqsadi – fuqarolar va fermer xo‘jaliklari duch kelayotgan muammolarni joyida hal etish, tizimdagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, suv xo‘jaligida mavjud dolzarb masalalarga amaliy yechim topishdan iborat bo‘ldi.








