“SUVXO‘JALIKNAZORAT” INSPEKSIYASI BOSHLIG‘I XONQA TUMANIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZDI
2026-03-31 11:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i T.Xo‘janiyazov, Xorazm viloyati suv xo‘jaligi tashkilot rahbar va ishchi xodimlari, tadbirkorlar, shuningdek fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdilar.
Sayyor qabul davomida hududdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tadbirkorlar hamda suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar tomonidan turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
O‘z navbatida, Inspeksiya boshlig‘i Rustam Raximov mamlakatimizda suv xo‘jaligini isloh qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, hududdagi ayrim kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, sohani zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, yangi texnologiyalarni joriy etish va mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar e’tirof etildi.
Shundan so‘ng, tadbirda qatnashgan mutaxassislar bilan hamkorlikda fermerlar va suv iste’molchilari tomonidan ilgari surilgan murojaat va takliflar o‘rganildi, ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar belgilab olindi.
Jumladan, har bir murojaatni joyida atroflicha o‘rganilib, zarur tushuntirishlar berildi. Natijada 8 nafar shaxslarning murojaatiga tushuntirish berib joyida hal qilindi hamda 24 nafar murojaatchining murojaati esa nazoratga olindi.
Sayyor qabul davomida, asosan, ekin maydonlarini sug‘orishdagi muammolar, ichki ariqlarni betonlashtirish, fermer xo‘jaliklarining ichki nasoslarida elektr energiya xarajatlari, ajratilgan limitlardan samarali foydalanish, tomchilatib sug‘orish tizimida uchrayotgan texnik nosozliklar, shuningdek yer osti sizot suvlarini pasaytirish bo‘yicha amaliy choralar muhokama qilindi.
Shuningdek, Inspeksiya boshlig‘i tomonidan tegishli tashkilot rahbarlariga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaatlarning ijrosini qat’iy nazoratga olish, ularni o‘rganib chiqish hamda natijalari bo‘yicha fermer xo‘jaliklari rahbarlariga yozma javob xatlarini taqdim etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Sayyor qabulning asosiy maqsadi – fuqarolar va fermer xo‘jaliklari duch kelayotgan muammolarni joyida hal etish, tizimdagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, suv xo‘jaligida mavjud dolzarb masalalarga amaliy yechim topishdan iborat bo‘ldi.
Bunday sayyor qabullar fermer xo'jaliklari va davlat o‘rtasidagi bevosita muloqotni kuchaytirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va sohada mavjud muammolarning tezkor hal etilishiga xizmat qiladi.





