“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i yoshlar bilan muloqot qildi.
2026-03-12 15:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri B.Yusupov hamda tumanlardagi studiyalardan hududlardagi suv xo‘jaligi rahbarlari hamda yoshlar ishtirok etishdi. Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini yuksaltirish hamda suv xo‘jaligi tizimida yosh kadrlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda, ayniqsa, kredit mablag‘lari asosida suv xo‘jaligi obyektlari atrofida qo‘shimcha yordamchi xo‘jaliklar tashkil etgan yoshlar bilan alohida muloqot qilindi. Ularning tashabbuslari, amalga oshirayotgan ishlari va kelgusi rejalari bilan tanishildi.
Shuningdek, suv xo‘jaligi sohasida oliy ta’lim muassasalarini tamomlab, bugungi kunda tizim tashkilotlarida mehnat faoliyatini boshlagan bir qator yosh mutaxassislar bilan ham suhbat o‘tkazildi. Ularning kasbiy faoliyati, ish jarayonida duch kelayotgan masalalar va takliflari tinglandi.
Inspeksiya boshlig‘i R.Raximov yoshlarning tashabbuskorligi va mehnatsevarligi sohaning rivoji uchun muhim omil ekanini ta’kidlab, ularni qo‘llab-quvvatlash, bilim va malakasini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishini qayd etdi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv davomida yoshlar ham sohani yanada rivojlantirish, suv resurslaridan samarali foydalanish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasida o‘z fikr va takliflarini bildirdilar. Tadbir yoshlarni rag‘batlantirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va sohada faol ishtirokini kengaytirishga xizmat qildi.



