“SUVXO‘JALIKNAZORAT” INSPEKSIYASI BOSHLIG‘I QO‘NG‘IROT TUMANIDA SAYYOR QABUL O‘TKAZDI
2026-02-28 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda Qo‘ng‘irot tumani hokimi Begzod Madaminov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi suv xo‘jaligi tashkilot rahbar va ishchi xodimlari, tadbirkorlar, shuningdek fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdilar.
Dastlab suv resurslaridan samarali foydalanish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, Prezident qaror va farmonlarining mazmun-mohiyati haqida tushunchalar berildi. Ularda belgilangan vazifalarni joylarda to‘liq va sifatli ijro etish, suvdan oqilona foydalanish va resurslarni tejash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sayyor qabul davomida hududdagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tadbirkorlar hamda suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar tomonidan turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Inspeksiya boshlig‘i Rustam Raximov har bir murojaatni joyida atroflicha o‘rganib, zarur tushuntirishlar berdi. Natijada 11 nafar fermerning murojaati ijobiy hal etildi, 7 nafar murojaatchining murojaati esa nazoratga olindi.
Sayyor qabul davomida, asosan, ekin maydonlarini sug‘orishdagi muammolar, fermer xo‘jaliklarining ichki nasoslarida elektr energiya xarajatlari, ajratilgan limitlardan samarali foydalanish, tomchilatib sug‘orish tizimida uchrayotgan texnik nosozliklar, shuningdek yer osti sizot suvlarini pasaytirish bo‘yicha amaliy choralar muhokama qilindi.
Mazkur murojaatlarni hal etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi, 5 ta murojaat yuzasidan esa qo‘shimcha o‘rganishlar o‘tkazish belgilandi.
Shuningdek, inspeksiya boshlig‘i tomonidan tegishli tashkilot rahbarlariga qonunchilikda belgilangan tartibda murojaatlarning ijrosini qat’iy nazoratga olish, ularni o‘rganib chiqish hamda natijalari bo‘yicha fermer xo‘jaliklari rahbarlariga yozma javob xatlarini taqdim etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Murojaatlar yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilishi ta’kidlandi. Ayrim masalalarni joyida hal etish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilindi, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar esa belgilangan tartibda ijroga yo‘naltirildi.
Sayyor qabulning asosiy maqsadi – fuqarolar va fermer xo‘jaliklari duch kelayotgan muammolarni joyida hal etish, tizimdagi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, suv xo‘jaligida mavjud dolzarb masalalarga amaliy yechim topishdan iborat bo‘ldi.
Bunday sayyor qabullar fermer xo'jaliklari va davlat o‘rtasidagi bevosita muloqotni kuchaytirish, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va sohada mavjud muammolarning tezkor hal etilishiga xizmat qiladi.





