KORRUPSIYA – ENG JIDDIY TAHDID!
2026-02-10 12:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir!
Shavkat MIRZIYOYEV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati qat’iy va tizimli amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohadagi islohotlarini qo‘llab-quvvatlash, “Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi tizimida korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish maqsadida tizimni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, bugungi kunda inspeksiyaning 36 ta funksiyasidan 18 tasini yoki 50 foizini o‘z ichiga qamrab olgan “suvnazorat.uz” elektron platformasi ishga tushirilib, asosiy faoliyat turlari raqamlashtirilishiga erishildi.
Zero, Davlatimiz rahbari “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar” deb ta’kidlaganlar.
Shuningdek, Prezidentimizning murojaatnomasida bu masalaga ham alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid ekanligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” PF-270-son Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishning 2030-yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Joriy yilning 3-fevral kuni Inspeksiya va uning hududiy boshqarmalaridagi barcha xodimlar ishtirokida seminar tadbiri o‘tkazildi.
Seminarda Davlatimiz rahbari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda Farmonning mazmun-mohiyatini tushuntirish va Inspeksiya faoliyatida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tildi.
Murojaatnomada ta’kidlangan hamda Farmonda belgilangan masalalar ijrosini Inspeksiya organlari tomonidan bajarilishini ta’minlash maqsadida manzilli “chora-tadbirlar” rejasi tasdiqlandi hamda uning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Joriy yilda inspeksiyaning qolgan barcha funksiyalarini raqamlashtirish oldimizga qo‘ygan eng muhim masalalardan biridir.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish va boshqa shu kabi preventiv choralarga e’tibor qaratiladi.
Inspeksiyada qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, tizimlilik tamoyillariga asoslangan holda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini izchil davom ettirish, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyasini yanada yaxshilashga qaratilgan barcha zarur choralar ko‘rib borilishi ta’minlanadi.
Hurmatli hamkasblar!
Shu bilan birgalikda, Inspeksiya tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlardan korrupsiyaviy harakatlar uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyiliga tayangan holda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etmasligingiz, boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilmasligingiz, pora olish yoki g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeingizdan noqonuniy foydalanmasligingiz talab qilinadi.
Sizlarni korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga hamda o‘z xizmat vazifalaringizni halol va vijdonan bajarishingizga yana bir bor chaqiraman.
Hurmatli fuqarolar!
Inspeksiya faoliyatiga oid korrupsiyaviy hamda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday murojaatlarni quyida keltirilgan maxsus aloqa kanallari orqali yuborishingiz mumkin, sizning shaxsingiz sir saqlanishi hamda tasdiqlangan har bir korrupsiyaviy holat uchun xodimlarga keskin qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
ishonch telefoni: +99855-520-71-66;
rasmiy veb-sayt: gov.uz/oz/vnadzor;
elektron pochta manzili: anticorruption@v-nadzor.gov.uz.
Raximov Rustam Botirovich, “Suvxo‘jaliknazorat”
inspeksiyasi boshlig‘i
