KASB BAYRAMINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!
2025-12-13 18:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan siz va oila a’zolaringizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Ma’lumki, oxirgi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim gradusga ko‘tarildi. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin.
Sizlarning sa’y-harakatlaringiz bilan suvga doir muammolar hal etilib, suv tanqisligini yumshatish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Inspeksiyaning 33 ta funksiyasi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholashdan o‘tkazildi. Shundan, 26 ta “o‘rta” va 7 ta “past” darajadagi xavf-xatarlar aniqlandi hamda ularning oldini olish va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, uning ijrosi ta’minlanmoqda.
Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlar bilan Inspeksiyaga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan yillarda davlat byudjetidan subsidiya olib joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasidan yoki uning asosiy qismidan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 14 078 gektar maydonda texnologiyalarning ishlatilishi ta’minlandi.
77 ta suv obyektiga yetkazilgan zarar bartaraf etildi, 884 ta suv olish joylari suvni boshqarish va o‘lchash vositalari bilan jihozlantirildi, 397 ta suv olish joylarida suvning hisobi yuritilishi tashkil etildi, 347 ta noqonuniy suv olish joylari hamda 68 ta “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun talablarining buzilishi bartaraf etilib, 672,0 mln. kub metr suv isrofgarchiligining oldi olindi.
Bundan tashqari, suvdan foydalanish bo‘yicha shartnomaviy munosabatlarni tartibga solish, suvni boshqarish va o‘lchash vositalarini ta’mirlash, suvdan maxsus foydalanish bo‘yicha ruxsatnoma rasmiylashtirish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirildi.
Oldimizda suv resurslarini isrofgarchiligini oldini olish, gidrotexnika inshootlarining ishonchli ishlashi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish, kelgusi yil sug‘orish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rishdek mas’uliyatli vazifalar turibdi.
Ishonamanki, savobli kasb egalari bo‘lgan xodimlarimiz birdamlik, g‘ayrat-shijoat bilan oldimizga qo‘yilgan marralarga erishadilar va bildirilgan yuksak ishonchni oqlaydilar.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi kabi global muammolar ortib borayotgan bir paytda, sizning kasbiy mas’uliyatingiz yanada oshib bormoqda. Har bir hisobot, har bir tekshiruv, har bir ogohlantirish – bularning barchasi qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi va respublikamizning oziq-ovqat xavfsizligi uchun muhim hissa qo‘shmoqda.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni nafaqat kasbiy bayram, balki sizning fidoyi mehnatingizga e’tirof va minnatdorchilik bildirish kunidir. Sizning har bir mehnat kuningiz, har bir kichik yutug‘ingiz respublikamiz qishloq xo‘jaligining rivojlanish sahifasiga yozilmoqda.
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor qutlab, jonajon yurtimizning farovonligi yo‘lidagi ezgu va savobli faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, mas’uliyatli
va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo‘lishini tilayman.
Suvimiz doim mo‘l va barakali bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Rustam Raximov
“Suvxo‘jaliknazorat” inspeksiyasi boshlig‘i
2025-yil 13-dekabr
