BAYROG‘IMIZ FAXRIMIZ, G‘URURIMIZ
2025-11-18 / Voqealar taqvimi

O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i – mamlakatning mustaqilligi, milliy o‘ziga xosligi, o‘tmishi va kelajagini ifoda etuvchi muhim ramzdir. U 1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI sessiyasida qabul qilingan. Bayroq davlat suverenitetining timsoli sifatida xalqaro maydonlarda, rasmiy binolarda, diplomatik vakolatxonalarda va davlat anjumanlarida faxr bilan hilpirab turadi.
Bayroqning tashqi ko‘rinishi va ranglari O‘zbekiston bayrog‘i uchta gorizontal rangli qilib tasvirlangan bo‘lib, ularga oq chiziqlar bilan ajratilgan. Uning yuqori qismida oy va yulduzlar tasvirlanadi. Har bir rang va belgi chuqur ramziy ma’no kasb etadi:
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu — yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi.
Bayroqdagi oq rang — muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang — poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli.
Yashil rang — tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar — vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat bayrog‘imizdagi 12 yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i – xalqning tarixiy qadriyatlari, madaniyati va mustaqillik ruhini mujassam etgan ulug‘ timsoldir. Uning har bir rangi, har bir chizig‘i va belgi chuqur ma’noga ega bo‘lib, bugungi kunda butun dunyoda O‘zbekistonni tanituvchi, milliy g‘urur va iftixor manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bayroq qabul qilish marosimi – bu bizning Vatanimizga, uning mustaqilligiga va erkinligiga bo‘lgan hurmatimizning tirik namunasidir. Bu oddiy tartib emas, balki har birimizning yuraklarida yashiringan his-tuyg‘ularning ifodasidir. Bayroq ostida turgan har bir yosh, o‘z kelajagi va mamlakatining kelajagi o‘rtasidagi bog‘liqlikni chuqur his qiladi. Shu sababli, bayroq qabul qilish marosimlariga jiddiy yondashish va ularni yuqori darajada tashkil etish – har birimizning burchidir.
Bayrog‘imiz — bu bizning birligimiz, birdamligimiz va tinchlikdagi hayotimiz ramzidir. U bizni ilhomlantiradi, kuchimizni oshiradi va buyuk istiqbolga chorlaydi.
Bayroq – bu xalqning qalbidan uzilmas bog‘liqligi. Uni hurmat qilaylik, uning qadrini bilaylik!
“Suvxo‘jaliknazorat”
inspeksiyasi axborot xizmati
