Toshkentda yoritgich mahsulotlari savdosida qonunbuzarliklar aniqlandi
2026-03-28 13:00:00 / Yangiliklar

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida korxona tomonidan import qilinib, realizatsiya qilinayotgan yoritgich mahsulotlari laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, mahsulot qadoqlarida ko‘rsatilgan texnik ko‘rsatkichlar amaldagi holatga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, lampaning quvvati qadoqda 15 W deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, laboratoriya sinovlari uning haqiqiy quvvati 10–12 W oralig‘ida ekanini ko‘rsatdi.
Shuningdek, qadoqlanishida lampaning yorug‘lik oqimi 1520 lumen (lm) deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, sinov natijalariga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 1000–1200 lm ekani aniqlandi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday tafovutlar iste’molchini chalg‘itishi mumkin hamda mahsulotning belgilangan texnik reglament va standart talablariga to‘liq javob bermasligini bildiradi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
