Farg‘onada asfalt-beton ishlab chiqarishda jiddiy qonunbuzarliklar aniqlandi
2026-03-30 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur nazorat ishlari texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, mahsulot sifati va xavfsizligini baholash maqsadida amalga oshirildi.
Tekshiruvlar davomida qator jiddiy kamchilik va qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xususan, ishlab chiqarilayotgan asfalt-beton mahsulotlari normativ hujjatlar va standart talablariga to‘liq muvofiq nazorat qilinmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Eng muhim kamchiliklardan biri sifatida mahsulotlarning davriy sinovlari belgilangan tartibda o‘tkazilmayotgani qayd etildi. Bu esa sifat ko‘rsatkichlari barqarorligini kafolatlash imkonini pasaytiradi.
Mazkur holatlar “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi talablari buzilganini anglatadi.
Shuningdek, tekshiruvda metrologik ta’minot ham o‘rganildi. Natijada o‘lchash va sinov vositalari belgilangan tartibda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagani aniqlandi.
Bu esa davlat standartlari hamda “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganini ko‘rsatadi.
Aniqlangan kamchiliklar sifat nazoratining sust yo‘lga qo‘yilgani va texnik hamda metrologik intizomga amal qilinmayotganini ko‘rsatdi.
Qonunbuzarliklar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va hujjatlar sud organlariga yuborildi.









