Sifatsiz elektr uskunasi aniqlandi: iste’molchilar ogohlantiriladi
2026-03-31 15:20:00 / Yangiliklar
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Andijon viloyati bo‘limi tomonidan Andijon shahridagi savdo shahobchalarida sotilayotgan elektr uskunalari yuzasidan nazorat xaridi o‘tkazildi.

O‘rganishlar davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan “Lithium drill” rusumli elektron shurupbur mahsuloti sinovdan o‘tkazildi. Laboratoriya tahlillari natijasida ushbu mahsulot texnik reglamentlar, markirovka talablari hamda amaldagi standartlarga javob bermasligi aniqlandi.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, mazkur uskuna ishlash jarayonida qizib ketishi mumkin. Shuningdek, nam sharoitda foydalanilganda elektr toki urish xavfi mavjud.
Shu munosabat bilan iste’molchilardan elektr uskunalarini xarid qilishda ehtiyotkor bo‘lish so‘raladi.
Agar savdo do‘konlarida sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlarga duch kelsangiz, 1880 qisqa raqami orqali Texnik jihatdan tartibga solish inspeksiyasiga murojaat qilishingiz mumkin.


