Toshkent viloyatida keramik g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonada qonunbuzarliklar aniqlandi
2026-03-24 11:45:00 / Yangiliklar

Tekshiruv davomida qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Xususan, “Sopol g‘isht va toshlar. Texnikaviy shartlar” me’yoriy hujjati talablariga ko‘ra, ishlab chiqarilgan mahsulot texnik nazoratdan o‘tkazilib, mas’ul shaxs tomonidan qabul qilinishi lozim bo‘lsa-da, korxonada g‘isht mahsulotlari nazoratsiz qabul qilingan.
Shuningdek, mazkur me’yoriy hujjat talablariga zid ravishda mahsulotlarning suv singdiruvchanligi, ohak qo‘shimchalari mavjudligi, sovuqqa chidamliligi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha davriy sinovlar o‘tkazilmagan.
Bundan tashqari, korxonada me’yoriy hujjatlar talablariga rioya etilmagan boshqa holatlar ham aniqlanib, bu orqali O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni talablari qo‘pol ravishda buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan korxonaning mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shuningdek, korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha hujjatlar tayyorlanib, belgilangan tartibda sud organlariga yuborildi.
Shu bilan birga, mazkur mahsulotni realizatsiya qilish vaqtincha taqiqlanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan korxonaga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
