Los-Anjeles-2028: dopingga qarshi kurashda tizimli yondashuv
2025-10-17 11:15:00 / Yangiliklar

2025-yil 8-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan PQ-221-sonli qaror mamlakat sport siyosatida yangi bosqichni belgilab berdi. Ushbu muhim hujjat 2028-yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga yurtimiz sportchilarini har tomonlama tayyorlashni nazarda tutadi.
Qarorda sportchilarning jismoniy tayyorgarligi bilan bir qatorda, dopingga qarshi kurash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Milliy terma jamoalar aʼzolari uchun profilaktik tadbirlarni muntazam tashkil etish, ularning antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilishini taʼminlash — ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi ushbu yo‘nalishda amaliy ishlarga kirishgan. Mutaxassislar har bir sportchi bilan individual suhbatlar o‘tkazib, ularning dopingga oid bilim va xabardorlik darajasini oshirishga, shuningdek, sport axloqi, halollik va masʼuliyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.









