WADA vakillari O‘zbekistondagi antidoping faoliyatini o‘rganmoqda
2025-09-04 08:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Milliy antidoping agentligida Butunjahon antidoping agentligi (WADA) vakillarining rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tmoqda. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatdagi antidoping qonunchiligi va uning amaliyotdagi tatbiqini o‘rganish, shuningdek, tegishli davlat organlari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishdir.
Dastlab, agentlik direktori A.Sadikov, WADA departamenti direktori o‘rinbosari E.Simonelli va Osiyo–Okeaniya mintaqasi vakili S.Perumal O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi N.Jumayev, qo‘mita raisi o‘rinbosari o.Iminov, qo‘mita aʼzosi T.Yokubov, bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunning antidoping sohasiga oid normalari yuzasidan takliflar bildirildi.
Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasi bo‘lim boshlig‘i R. Azimov va Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i S.Aliyev bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda PQ–149-sonli qaror va Milliy antidoping agentligi to‘g‘risidagi nizomga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalalari muhokama qilindi.
WADA vakillarining mazkur tashrifi O‘zbekistonda antidoping sohasidagi huquqiy-meʼyoriy bazani takomillashtirish, xalqaro talablarga muvofiq institutsional hamkorlikni mustahkamlash hamda sportda halollik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan amaliy qadamlardan biri hisoblanadi. Uchrashuvlar davomida bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusidagi islohotlar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.





