talim-uznada.uz PLATFORMASI KUTILGAN NATIJA BERMOQDAMI?
2025-04-24 15:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va internetdan foydalanish bo‘yicha umumiy statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda internet foydalanuvchilari soni 32,7 millionni tashkil etgan bo‘lib, bu umumiy aholining 89% ini tashkil etadi. Bu esa onlayn ta’lim platformalariga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Ma’muriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 149-sonli qaroriga asosan sportchilarni antidoping sohasida bilimlarini mustahkamlash maqsadida talim-uznada.uz platformasi ishga tushirilgan. Ushbu platformada sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlarining antidoping bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish yo‘lga qo‘yilgan.
2025-yil boshidan O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslarida ishtirok etish uchun ushbu sertifikatni qo‘lga kiritgandan so‘ng musobaqalarda qatnashishga ruxsat etilish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Platformada mavjud bo‘lgan 3 ta tildagi (o‘zbek, rus va ingliz tili) darsliklardan hozirgi kunga kelib platformadan foydalanuvchilar soni 17 000 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 14 700 nafar foydalanuvchi kurslarni yakunlab maxsus sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘lgan.
Platformada 4 ta modul mavjud bo‘lib, har bir modul o‘z ichiga turli mavzularda matnli, rasmli va video formatida darsliklarni o‘z ichiga oladi. Har bir modul yakunida 5 tadan test mavjud bo‘lib, ushbu testdan 60% dan yuqori ball to‘plaganlar keyingi modulga o‘tishga ruxsat etiladi. Shu tarzda yakuniy 10 ta savoldan iborat testni 60% dan yuqori ball to‘plagan kurs tinglovchisi elektron ko‘rinishda QR kodli sertifikatni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi. Hozirgi kunga kelib ushbu test sinovlarida o‘rtacha o‘tish bali 72% ni tashkil qilmoqda. Bundan ham ko‘rinib turibdiki, sportchilarning antidoping sohasidagi bilimlari anchagina mustahkamlangan. Sertifikat olish jarayonida o‘rtacha urinishlar 2.5 martani tashkil qilmoqda.
Ayni kunga kelib O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 1196 ta platformalar orasida talim-uznada.uz platformasi kundalik foydalanish bo‘yicha 20 pog‘ona yuqorilashga erishdi.
Platformaga dunyoning 4 ta qit’asidan 28 ta mamlakatdan tashrif buyuruvchilar kuzatilmoqda. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, O‘zbekistondan tashrif buyuruvchilar 5850 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, qolgan foydalanuvchilar (8850 nafar) xorij mamlakatlaridan turib foydalanmoqda. Bu kabi platformalar Butunjahon antidoping agentligiga aʼzo Milliy antidoping tashkilotlarida noyob bo‘lgan tizim yaratilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi, ushbu platformada respublika bo‘ylab sport muassasalarida yosh sportchilar ushbu platformani o‘zlashtirishi qamrab olindi. Shuningdek, sportchi platformani muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikat olgandan so‘ng O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida ishtirok etishga ruxsat berilishi yo‘l qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, talim-uznada.uz platformasi qisqa vaqt ichida o‘z foydalanuvchilar auditoriyasiga ega bo‘ldi. Bu esa mamlakatni dopingdan holi hududga aylantirish borasida hukumat darajasida olib borilayotgan to‘g‘ri siyosat samarasidir.
