Boks, gandbol va tennis federatsiyasi sportchilari uchun antidoping seminarlari tashkil etildi
2026-07-24 16:40:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan milliy terma jamoalar o‘rtasida profilaktik antidoping seminarlari davom ettirilmoqda.

Navbatdagi seminarlar Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tadigan Yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik olib borayotgan boks, gandbol va tennis bo‘yicha terma jamoa sportchilari hamda murabbiylari ishtirokida tashkil etildi. Seminarlar davomida har bir sport turining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda amaliy tushuntirishlar berildi.
Xususan, har bir sportchining shaxsiy masʼuliyati va antidoping qoidalariga qatʼiy rioya qilishning ahamiyatiga urg‘u berildi va xalqaro musobaqalardagi antidoping talablari, doping-nazorati jarayonlari hamda taqiqlangan moddalar bilan bog‘liq xavflarning oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.




