Aichi–Nagoya–2026 oldidan profilaktik tadbirlar izchil davom etmoqda
2026-07-21 15:10:00 / Yangiliklar
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tadigan Yozgi Osiyo o‘yinlari oldidan O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan sportchilar o‘rtasida profilaktik antidoping seminarlari izchil davom ettirilmoqda.

Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi — sportchilarning antidoping sohasidagi bilim va huquqiy savodxonligini oshirish, taqiqlangan moddalardan bilmasdan foydalanishning oldini olish hamda ularda halol raqobat madaniyatini mustahkamlashdan iborat.
Navbatdagi seminarlar Angren shahrida yig‘in o‘tkazayotgan boks bo‘yicha ayollar terma jamoasi va paralimpiya sportchilari, shuningdek, Zamonaviy beshkurash hamda Jiu-jitsu federatsiyalari vakillari ishtirokida tashkil etildi. Uchrashuvlarda dopingga qarshi qoidalar, sportchining huquq va majburiyatlari, dori vositalari va oziq-ovqat qo‘shimchalaridan xavfsiz foydalanish hamda xalqaro musobaqalar davridagi muhim talablar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.




