Andijonda antidoping ta‘lim dasturlari bo‘yicha seminarlar tashkil etildi
2026-05-19 19:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan hududlarda sportchilar uchun antidoping ta‘lim dasturlari izchil davom ettirilmoqda. Navbatdagi seminar-treninglar Andijon viloyatida tashkil etilib, unda yosh sportchilar faol ishtirok etdilar.
Seminarlarning birinchi kuni Andijon Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi kun viloyat Sportning yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida davom ettirildi. Tadbirlar davomida sportchilarga antidoping qoidalari, halol sport tamoyillari, taqiqlangan moddalar hamda xalqaro standartlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilarda talim-uznada.uz elektron platformasidan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.
Seminar-treninglar yakunida umumiy hisobda 250 ga yaqin sportchi antidoping ta‘lim dasturlari bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Mazkur tadbirlar sportchilarning bilim va mas‘uliyatini oshirish, mamlakatimizda toza va adolatli sport muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.






