Bugun “Toza sport” kuni
2026-04-17 10:05:00 / Yangiliklar

“Play True” (Halol o‘ynash, toza o‘ynash) tadbiri, Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan har yili o‘tkaziladigan global tadbirdir. U sportda dopingni oldini olish va halol sportni targ‘ib qilishga qaratilgan. WADA 1999-yilda tashkil topganidan buyon, dopingga qarshi kurashda oldinga siljish uchun bir qancha global tashabbuslarni amalga oshirgan, ulardan biri ham aynan “Play True” ommaviy tadbiridir.
"Play True" dasturi 2010 yillarda kengroq eʼtibor qozona boshladi. Tadbirni boshlashning asosiy sababi, dopingning sportdagi salbiy taʼsirini kamaytirish va sportchilarni halol va adolatli o‘ynashga undash edi. WADA, bu tadbir orqali nafaqat sportchilarga, balki jamiyatga ham dopingning xavf-xatarlarini tushuntirishni maqsad qilgan.
Ushbu tadbirni har yili o‘tkazilishidan asosiy maqsad – sportchilar natijaga erishish uchun doping qo‘llamaslikni targ‘ib qilish, dopingni sportdagi asosiy tahdidlardan biri sifatida tan olish va barcha darajadagi sportchilarga dopingsiz faoliyat yuritishni o‘rgatishdir. Tadbirda qatnashish orqali sportchilar o‘zlarining halolligini namoyish etishadi.
“Toza sport” kuni O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan ham munosib tarzda o‘tkazilmoqda. Jumladan, poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
"Play True" tadbiri butun dunyo bo‘ylab dopingga qarshi kurashning samarali vositasi sifatida tanilgan. U sportchilarni faqatgina o‘z kuchi bilan g‘alaba qozonishga chaqiradi va halol sportni targ‘ib qiladi. Mazkur globallikka erishayotgan ommaviy tadbir nafaqat dopingni aniqlash, balki sportchilarning axloqiy va ijtimoiy masʼuliyatini oshirishda ham muhim o‘rin tutadi.
#playtrue




