G‘alaba halollikdan boshlanadi: sportchilar bilan individual suhbatlar davom etmoqda
2026-02-18 09:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan har bir sportchi bilan individual tarzda profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur profilaktik suhbatlar davomida sportchilarga dopingga qarshi kurash, sportchining huquq va majburiyatlari, antidoping qoidabuzarlik turlari, doping nazorati jarayoni hamda taqiqlangan moddalar va usullar haqida atroflicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shu kabi profilaktik tadbirlar doirasida Stol tennisi federatsiyasi sportchilari bilan ham uchrashuvlar tashkil etildi. Ayni paytda mazkur sport turi vakillari Olimpiya o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik olib borayotgan bo‘lib, suhbatlar jarayonida ularga antidoping qoidalariga rioya etishning ahamiyati, doping qoidabuzarliklarining salbiy oqibatlari hamda shaxsiy javobgarlik masalalari batafsil tushuntirildi.






