O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi (O‘zMADA) va Yaponiya antidoping agentligi (JADA) antidoping sohasida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida anglashuv memorandumini imzoladi
2025-12-15 13:55:00 / Yangiliklar

Memorandum ikki tashkilot o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun huquqiy asos yaratib, antidoping sohasida yana-da samarador, uyg‘un va xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat olib borishga xizmat qiladi. Ushbu hamkorlik orqali JADA va O‘zMADA doping sinamalar va tekshiruvlar, taʼlim va profilaktika dasturlari, natijalarni boshqarish, ilmiy tadqiqotlar hamda salohiyatni oshirish kabi yo‘nalishlarda tajriba almashish, shuningdek, eng yaxshi amaliyotlar va axborot resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantiradi.
Kelishuv har ikki agentlikning sof sportni himoya qilish, xalqaro musobaqalarning halolligini taʼminlash va sportchilarni adolatli hamda shaffof antidoping tizimlari orqali qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan umumiy intilishini aks ettiradi. Shuningdek, u Osiyo-Tinch okeani va Markaziy Osiyo antidoping hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, mintaqaviy va global hamkorlikka hissa qo‘shadi.
O‘zMADA va JADA vakillari memorandum yangi qo‘shma loyihalar, kasbiy almashinuvlar va muvofiqlashtirilgan tashabbuslar uchun imkoniyat yaratishini taʼkidladilar. Bu tashabbuslar antidoping sohasida yuzaga kelayotgan yangi muammolarga javob berish va milliy antidoping tizimlarini uzluksiz takomillashtirishga xizmat qiladi.
Har ikki agentlik ushbu hamkorlik nafaqat Yaponiya va O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasi sportchilari, sport tashkilotlari va keng sport jamoasi uchun ham manfaatli bo‘lishiga ishonch bildirdilar.
Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi O‘zbekistonda antidoping dasturlarini amalga oshirish, Butunjahon antidoping kodeksiga rioya etilishini taʼminlash va butun mamlakat bo‘ylab toza sportni targ‘ib qilish uchun javobgardir.
Yaponiya antidoping agentligi Yaponiyada antidoping dasturlarini amalga oshirish, Butunjahon antidoping kodeksiga rioya etilishini taʼminlash va butun mamlakat bo‘ylab toza sportni targ‘ib qilish uchun masʼul hisoblanadi.

