Rasmiy munosabat
2026-10-19 10:50:00 / Yangiliklar

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent tumani, "Qizg‘aldoq" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan tadbirkorlik subyektiga tegishli yer maydonida daraxtlar bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyat hamda bu boradagi sud jarayonlari yuzasidan turli xil, ba’zan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlar va qizg‘in muhokamalar tarqalmoqda. Mazkur holatlar bo‘yicha jamoatchilikka aniq, xolis, sud hujjatlari va qonun normalariga asoslangan, tahliliy ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida Toshkent tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi:
BIRINCHIDAN, sud hokimiyatining mustaqilligi va hokimlik vakolat doirasi haqida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 136-moddasiga va amaldagi qonunchilikka muvofiq, odil sudlovni faqat sud amalga oshiradi. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, shuningdek siyosiy partiyalardan va boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. Shu bois, Toshkent viloyat sudlarining, jumladan ma’muriy yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari hamda ajrimlarini muhokama qilish, ularga huquqiy yoki boshqacha tarzda baho berish, ularning ichki mazmunini muhokama qilish Toshkent tumani hokimligi mutasaddilarining vakolatiga kirmaydi.
Hokimlik mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida sudning mustaqilligi prinsipini to‘liq hurmat qiladi va O‘zbekiston Respublikasi hududida qabul qilingan sud hujjatlarining barcha tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan so‘zsiz ijro etilishi lozimligini eslatib o‘tadi.
IKKINCHIDAN, Ekologiya boshqarmasi mutasaddilari tomonidan yo‘l qo‘yilgan ehtimoliy qonunbuzilish holatlari haqida
Sud qarorlari va taqdim etilgan rasmiy hujjatlarning chuqur tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur nizoning kelib chiqishiga bevosita Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda uning Toshkent tumani bo‘limi mutasaddilarining tadbirkorning yerga bo‘lgan huquqlarini buzuvchi xatti-harakatlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Aniqlanishicha, Toshkent tumani hokimining 2021-yil 3-iyundagi 677-sonli qarori asosida "MODEREN GREEN SERVISE" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2,5 gektar yer maydoni doimiy foydalanish huquqi bilan, aynan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda manzarali ko‘chatlar yetishtirish (ko‘chatxona tashkil etish) maqsadida ajratib berilgan. Mazkur hududda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan yuqoridagi yer maydonida 1 758 tup ko‘p yillik mevali va baland bo‘yli daraxtlar ekilgan.
Biroq, Ekologiya boshqarmasi va uning tuman bo‘limi mas’ullari tadbirkorning yerga bo‘lgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini qo‘pol ravishda buzgan holda, ushbu 1758 tup daraxtni o‘zboshimchalik bilan, tadbirkorning roziligisiz "yashilmakon.eco" elektron platformasiga "Qizg‘aldoq" MFY nomidan kiritib qo‘ygan. Bundan tashqari, sud jarayonida daraxtlarni mahallaga biriktirish to‘g‘risidagi dalolatnomalarda Toshkent tumani ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i B. Eshnazarovning imzolari soxtalashtirilgan, ya’ni hujjatlar turli xil vakolatsiz shaxslar tomonidan imzolangan bo‘lishi, mumkinligi, shuningdek dalolatnomalarga "Qizg‘aldoq" MFY hududidan boshqa hududlarda ekilgan daraxtlarni ham kiritib qo‘ygan holda ularning soxtalashtirilgan bo‘lishi ehtimoli aniqlangan.
Sud mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat alomatlari bor deb topib, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga xabarnoma yuborgan. Bu esa holatning qanchalik jiddiy ekanligini ko‘rsatadi.
UCHINCHIDAN, daraxtlarning kim tomonidan va nima sababdan ko‘chirilishi masalasi (Sud ijro varaqasi asosida)
Ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar noma’lum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda kesilayotgani yoki yo‘q qilinayotgani haqida noto‘g‘ri va asossiz talqinlar uchramoqda.Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining 2-1101-2602/1620-sonli fuqarolik ishi bo‘yicha 2026-yil 10-iyuldagi hal qiluv qarori hamda 2026-yil 17-iyulda berilgan Ijro varaqasiga asosan, daraxtlarni ko‘chirish masalasiga aniq va qat’iy huquqiy yechim ko‘rsatib o‘tilgan.
Sud qaroriga ko‘ra:
• Javobgarlar (F. Karimov, S. Axunbabayev va boshqalar) zimmasiga tadbirkorga tegishli bo‘lgan yer maydonida uning qonuniy faoliyatiga har qanday qarshilik ko‘rsatmaslik majburiyati yuklatilgan.
• Daraxtlarni ko‘chirish kim tomonidan amalga oshiriladi? Ijro varaqasida aniq belgilanganidek, 1758 tup daraxtlarni ko‘chirish majburiyati javobgar "Qizg‘aldoq" mahalla fuqarolar yig‘ini zimmasiga yuklatilgan.
• Jarayon kimning nazoratida va qayerga ko‘chiriladi? Daraxtlar Toshkent tumani ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi nazorati ostida ko‘chiriladi. Ko‘chiriladigan yangi joyni belgilash majburiyati esa Toshkent tuman hokimligi zimmasiga yuklatilgan.
• Xarajatlarni kim qoplaydi? Daraxtlarni ko‘chirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar da’vogar "MODEREN GREEN SERVISE" MChJ zimmasiga yuklatilgan.
Shundan ko‘rinib turibdiki, daraxtlarning boshqa joyga ko‘chirilishi – bu noqonuniy kesish emas, balki tadbirkorning qonuniy huquqlarini tiklash hamda daraxtlarni saqlab qolish maqsadida sud hujjati asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qonuniy jarayondir.
XULOSA O‘RNIDA
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Toshkent tumani hokimligi davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes uchun qulay muhit yaratish va eng asosiysi, xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash siyosatini og‘ishmay va qat’iy amalga oshiradi. Davlat organlarining tadbirkor faoliyatiga noqonuniy aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi tabiatni asrashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilishi kerak. Bu jarayonda tadbirkorlarning halol mehnatini o‘zlashtirish, ularning mulkini qalbakilashtirish orqali soxta ko‘rsatkichlar (pripiska) ortidan quvish va nomaqbul holatlarga hokimlik murosasiz munosabatda bo‘ladi.
Hokimlik mazkur holatda tadbirkorning huquqlari sud tartibida adolatli tiklanganligini e’tirof etgan holda barcha mas’ul idoralarni, shuningdek keng jamoatchilikni qonun ustuvorligiga qat’iy amal qilishga, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan har qanday ma’lumotga xolis va huquqiy nuqtai nazardan yondashishga chaqiradi.
Toshkent tumani hokimligi Axborot xizmati.

