#Murojaat
2026-10-14 15:55:00 / Yangiliklar

#Murojaat
Toshkent tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Atxam Rustamxo‘jaevich Inog‘omovning tuman aholisiga profilaktik ogohlantirish murojaati
Assalomu alaykum, hurmatli Toshkent tumani aholisi va mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar birgina maqsad — xalqni rozi qilish va ularga yaqindan xizmat ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lib, bunda ikki muhim masalaga, ya’ni tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash hamda fuqarolar salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jinoyatchilikni mahallabay jilovlash, aholining kundalik ijtimoiy-maishiy muammolarini fuqarobay hal etish borasida yangicha ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shundan kelib chiqib, 2026-yilning o‘tgan 9 oyi davomida tuman hududida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktika qilish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
Toshkent tumani IIB tomonidan 2026-yilning 9 oyi davomida jami 884 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 43 taga (749 tadan 135 taga) yoki 18,0 foizga oshgan. Biroq, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 169 tadan 142 taga kamayib, -16,0 foizlik pasayish qayd etildi. Shuningdek, qayd etilgan jinoyatlarning 261 tasi aniqlangan jinoyatlarni tashkil etadi.
Hurmatli fuqarolar!
Bugun barchamiz uchun muhim bo‘lgan masala — kiberxavfsizlik va internetdagi firibgarliklardan himoyalanish haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. So‘nggi yillarda internet hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlar, onlayn to‘lovlar va elektron xizmatlar kundalik hayotimizga katta qulaylik yaratmoqda. Afsuski, ushbu qulayliklardan kiberjinoyatchilar ham foydalanmoqda. Ular turli usullar orqali fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari rekvizitlari hamda maxfiy kodlarini qo‘lga kiritishga harakat qiladilar.
Kiberjinoyat — kompyuter texnologiyalari va telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanilgan holda sodir etiladigan jinoyat turidir. Bunday jinoyatlar fuqarolarning mol-mulkiga, shaxsiy ma’lumotlariga va axborot xavfsizligiga zarar yetkazishga qaratilgan bo‘ladi.
Bugungi kunda kiberjinoyatchilar tomonidan quyidagi usullar keng qo‘llanilmoqda:
-soxta bank xabarlari yoki “pul yutug‘i” haqidagi SMS va internet xabarlari yuborish;
-o‘zini tanish inson sifatida tanishtirib, bank kartasi ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinish;
-ishga joylashtirish, grant yoki kredit ajratish bahonasida fuqarolardan pul talab qilish;
-turli messenjer va ijtimoiy tarmoqlar orqali zararli havolalarni yuborish.
Shu munosabat bilan sizlardan quyidagilarga qat’iy amal qilishingizni so‘rayman:
Noma’lum havolalarga kirmang va begona fayllarni yuklab olmang.
Parol, PIN-kod va tasdiqlash kodlarini hech kimga bermang.
Bank kartangiz rekvizitlari hamda SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini sir saqlang.
Shubhali qo‘ng‘iroq yoki xabarlarga ishonmang.
Farzandlaringiz va yaqinlaringizni internetdagi xavflardan muntazam ogohlantirib boring.
Agar shubhali holatga duch kelsangiz yoki firibgarlik alomatlarini sezsangiz, darhol 102 yoki 112 qisqa raqamlariga murojaat qiling.
Bundan tashqari, Kiberjinoyatlarning oldini olish borasida aholi o‘rtasida kiberjinoyatchilikning oldini olish, fuqarolarning internet tarmog‘idan xavfsiz foydalanish madaniyatini oshirish hamda firibgarlik holatlariga barham berish maqsadida profilaktik-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Targ‘ibot tadbirlari davomida fuqarolarga shubhali havolalarga kirmaslik, bank kartasi ma’lumotlari va SMS-kodlarni begonalarga bermaslik, internet orqali amalga oshiriladigan firibgarliklardan ogoh bo‘lish tushuntirilmoqda.
Shuningdek, aholiga APK ilovasiga ulanish tartibi va uning imkoniyatlari haqida ma’lumot berilib, raqamli xizmatlardan foydalanishga chaqirilmoqda.
Asosiy maqsad — fuqarolarning kiberxavfsizlik bo‘yicha xabardorligini oshirish, jinoyatchilikning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Eslab qoling, kiberxavfsizlik — bu nafaqat texnik masala, balki har birimizning hushyorligimiz va mas’uliyatimizdir.
O‘z ma’lumotlaringizni asrang, o‘zingizni va yaqinlaringizni himoya qiling!
Xavfsiz internet — xavfsiz jamiyat!
