Rasmiy munosabat
2026-10-09 19:50:00 / Rasmiy munosabat

#Rasmiy_munosabat
"Kun.uz" nashrida e'lon qilingan maqola yuzasidan
Toshkent tumani hokimligining RASMIY MUNOSABATI
Ijtimoiy tarmoqlarda va "Kun.uz" axborot nashrida Toshkent tumani, Bog‘izilol mahallasi Mustaqillik ko‘chasidagi (10V028a D001 4-toifadagi yo‘l) ta’mirlash ishlari va hududdagi boshqa o‘zgarishlar yuzasidan video va matnli xabarlar tarqatildi. Dastavval shuni ta’kidlash lozimki, tayyorlangan materialda aholi vakillaridan olingan intervyularda bildirilgan fikrlar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi va hududdagi asl holatni xolis aks ettirmaydi.
Xususan, yo‘l qurilishi jarayonida "yo‘l torayib ketdi" degan e’tirozlar asossizdir. Aslida, mazkur 2,53 kilometrlik yo‘lning boshlanish va tugash qismlari azaldan 7 metr bo‘lib, 2014-2015-yillarda faqatgina "Mehnat" korxonasi atrofidagi o‘rta qismi 12 metrgacha kengaytirilgan edi. Mantiqan olib qaraganda, ko‘chaning kirish va chiqish qismlarini kengaytirishning imkoni yo‘qligi sababli, faqat o‘rtadagi keng qism hech qanday foyda bermay, aksincha, bo‘g‘iz rolini o‘ynab, tirbandliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 383-sonli qaroriga asosan, butun yo‘l boshidan oxirigacha bir xil – 9 metr kenglikda standartlashtirilib, keng va ravon holatga keltirilmoqda. Bu esa yo‘l torayganini emas, balki avtomobillar uchun uzluksiz o‘tkazuvchanlik oshganini anglatadi. Qolaversa, avvalgi holatda yo‘lning faqat “Mehnat” korxonasi oldidagi qatnov qismi eni 12 metrni tashkil etgan bo‘lsa, yangi ishlab chiqilgan loyihada yo‘lning ikki chetida irrigatsiya tarmog‘i (lotok), yashil hudud va piyodalar yo‘lakchasi (trotuar) qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirgi yangi yo‘l loyihasining umumiy qamrovdagi eni 16,98 metrni tashkil etadi.
Tirbandliklarni bartaraf etish faqatgina yo‘lning o‘rtasini kengaytirish bilan hal bo‘lmaydi, shu bois loyiha doirasida qo‘shimcha choralar ham ko‘rilmoqda. Jumladan, ko‘chaning Toshkent halqa avtomobil yo‘li (TXAY) bilan bog‘lovchi qismida yangi chorraha tashkil etilmoqda va mahalla ichidagi 2 ta bir tomonlama ichki yo‘llar ta’mirlanib, TXAYga chiquvchi muqobil yo‘nalishlar ochilmoqda. Eng asosiysi, "Mehnat" posti olinib, yo‘l to‘liq ochib yuborilgandan hamda svetoforlarning ishlash rejimi (regulirovkasi) to‘g‘rilangandan so‘ng, nafaqat Mustaqillik ko‘chasidagi, balki TXAYdagi tirbandliklarning ham butunlay oldi olinadi.
Shuningdek, materialda aholi tomonidan ko‘p qavatli uylar (dom) qurilishi yuzasidan xavotirlar ko‘tarilgan bo‘lsa-da, ushbu hududda aholi hordiq chiqarishi uchun zamonaviy sayilgoh (ekopark) barpo etilishi rko'zda tutilgan bo‘lib, ayni paytda uning atrofi toza holatga keltirilgan. Suv bo‘yida bunyod etilishi mumkin bo‘lgan yengil konstruksiyali tadbirkorlik obyektlari uchun yer maydonlari faqatgina qonunchilikda belgilangan tartibda, shaffoflik asosida ochiq elektron auksion savdolari orqali ajratiladi.
Eng asosiysi, ushbu hududda har qanday kapital qurilish ishlari faqat vakolatli tashkilotlar – xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda viloyat Shaharsozlik kengashining tegishli xulosasi va ruxsati olingandan so‘nggina amalga oshirilishi mumkin. O‘zboshimchalik bilan yoki belgilangan tartib-qoidalarni chetlab o‘tgan holda har qanday qurilish qilishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan ushbu yirik rekonstruksiya ishlari aholiga noqulaylik tug‘dirish uchun emas, balki xavfsiz va tirbandliklarsiz yo‘l infratuzilmasini yaratishga qaratilgan. Tez orada mazkur yo‘l to‘liq foydalanishga topshirilgach, hudud aholisi va haydovchilar yaratilgan qulayliklarni o‘z hayotlarida yaqqol his qila boshlaydilar.
