Rasmiy munosabat
2026-08-15 15:15:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda va “EFFECT.UZ” axborot resursida Toshkent tumani hokimligining yer munosabatlariga oid qarorlari yuzasidan e’lon qilingan material Toshkent tumani hokimligi tomonidan batafsil o’rganib chiqildi.
Bevosita maqolada keltirilgan, Prezidentning PF-6243-sonli Farmoni talablari buzilganligi haqidagi asossiz ayblovlarga huquqiy va aniq tushuntirish berib o’tsak. Maqolada Toshkent tuman hokimining 2026-yil 22-yanvardagi 6-10-212-Q/26-sonli qarori bilan 2021-yilgi qarorga o’zgartirish kiritilganligi Prezident farmoniga zid ekanligi iddao qilingan. Aslida esa, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmonining 4-bandiga ko’ra, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalariga bo’lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o’zgartirish, bekor qilish vakolatlari bekor qilingan.
E’tibor bering, mazkur farmonda aynan “yer uchastkalariga bo’lgan huquq” bilan bog’liq vakolatlar haqida so’z boradi. Yer kodeksining 17-moddasiga ko’ra, yerga bo’lgan huquqlarni belgilash yoki o’zgartirish deganda, misol uchun, doimiy egalik qilish huquqini boshqa huquq turiga (muddatli foydalanish, ijara yoki mulk huquqiga) o’zgartirish tushuniladi. Toshkent tuman hokimining 2026-yil 22-yanvardagi №6-sonli qarorida esa eski qarordagi yerga doir huquq turi mutlaqo o’zgartirilmagan, yer maydoni o’lchamlari (2,5 gektar), maqsadi va ajratilgan subyekt kabi asosiy faktorlarga hech qanday o’zgartirish yoki qo’shimchalar kiritilmagan. Bu qaror faqatgina ma’muriy hujjatdagi texnik xatolikni, ya’ni joy nomidagi yanglishishni to’g’irlash maqsadida qabul qilingan.
Ushbu texnik tuzatish O’zbekiston Respublikasining 2018-yil 8-yanvardagi 457-sonli “Ma’muriy tartib-taomillar to’g’risida”gi Qonunining 56-moddasi 1-qismiga asosan amalga oshirilgan. Unga ko’ra, ma’muriy organ manfaatdor shaxsning iltimosnomasiga ko’ra ma’muriy hujjatning mazmunini o’zgartirmagan holda, yozuvdagi yo’l qo’yilgan xatolarni va yanglishishlarni ma’muriy hujjatning mohiyatiga daxl qilmagan holda tuzatishi shart. Qonun talablariga ko’ra, yo’l qo’yilgan xatolarni tuzatish ma’muriy organning vakolati emas, balki bevosita majburiyati hisoblanadi. Shunday ekan, OAV tomonidan 457-sonli Qonunning imperativ talabi asosida qilingan texnik tuzatishni PF-6243-sonli Prezident Farmoniga qarshi chiqish va qonun hujjatini mensimaslik sifatida baholashi o’ta mantiqsiz va huquqiy savodsizlikdan boshqa narsa emas. Tuman hokimligi hech qanday yangi huquq yaratmagan yoki bekor qilmagan, balki faqatgina “MODEREN GREEN SERVISE” MChJning murojaati, Qizg’aldoq mahallasi dalolatnomasi, Qurilish bo’limi va Kadastr palatasining rasmiy xatlariga asoslanib, xujjatdagi “Bog’izilol MFY” so’zlarini “Qizg’aldoq MFY” so’zlariga tuzatgan xolos.
Ajratilgan yer maydoni nega avval boshdanoq “Bog’izilol” mahallasida deb ko’rsatilganligi masalasiga kelsak, ushbu 2,5 gektar yer uchastkasi bevosita “Bog’izilol” va “Qizg’aldoq” mahallalarining kesishma chegarasida joylashgan.
Toshkent tumani Kengashining ishchi komissiyasi 2021-yil 26-mayda joyiga chiqib o’rganish o’tkazgan va tegishli davlat tashkilotlari rahbarlari imzolagan dalolatnoma asosida ushbu hududning o’lchami va maqsadi tasdiqlangan. Kadastr idorasi tomonidan tayyorlangan 500 masshtablik tasdiqlangan aniq topoxaritada yer uchastkasining koordinatlari to’g’ri ko’rsatilgan bo’lib, bu joyda 2,5 gektar o’lchamli boshqa bunday yer uchastkasi mavjud emas. Yer kodeksining 5, 6 va 64-moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining 389-sonli qarori asosida mazkur umumiy foydalanishdagi yer uchastkasi obodonlashtirish va manzarali ko’chatlar yetishtirish maqsadida biriktirib berilgan bo’lib, ushbu hujjatlarni kadastrdan o’tkazish qonunchilikda to’laqonli belgilangan tartibdir.
2021-yil 3-noyabrda YAIDXP orqali 39164871-sonli murojaatiga asosan 2021-yil 4-noyabrda 11:11:09:01:01:1600 kadastr raqami bilan Yer kadastr pasporti shakllantirilgan (bunda umumiy yer maydoni 2,50 ga bo’lib, 4 ta yer bo’lagidan iborat, Yer kodeksining 30, 31, 32-moddasida yer uchastkasi berilgandan so’ng uning chegaralari belgilanishi hamda tuman hokimligi va kadastr organlari tomonidan rasmiylashtirilishi belgilangan. Ushbu chegara belgilash xaritasida yer uchastkasi ajratilgan chegaralar 4 ta qismdan iboratligi ko’rsatilgan hamda ushbu qismlar Qizg’aldoq hududida joylashgan) hamda 2021 yil 17 noyabrda yerga bo’lgan huquq 1727265/R-A2231010 reyestr raqami bilan davlat ro’yxatidan o’tkazilgan.
PF-6061-sonli Farmonda Kadastr agentligi yer hisobini yuritishi belgilangan bo’lib, yuridik va jismoniy shaxslar o’zlariga tegishli bo’lgan yer uchastkalarini belgilangan tartibda berilgan qarorlar asosida rasmiylashtirish uchun murojaat qilishlari mumkin! Kadastr hujjatlari Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi 389-sonli qarori asosida rasmiylashtirilgan hamda yerga bo’lgan huquq 2022-yil 28-noyabrdagi 803-sonli O’zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan davlat ro’yxatidan o’tkazilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo’l qo’ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PF-198-sonli farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan boshlab Kadastr va ko’chmas mulklarni ro’yxatdan o’tkazish integratsion axborot tizimi (keyingi o’rinlarda — UzKAD tizimi) ko’chmas mulk obyektlariga bo’lgan huquqlarning davlat reyestri hamda ko’chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar yuritiladigan, ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilangan hamda Kadastr agentligi tomonidan qog’oz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat ro’yxatidan o’tkazilgan ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlar haqidagi ma’lumotlarni har bir ko’chmas mulk obyektini bosqichma-bosqich identifikatsiyalagan holda UzKAD tizimiga to’liq o’tkazilishi ko’rsatib o’tilgan.
“MODEREN GREEN SERVISE” MChJga qarashli kadastr raqami 11:11:09:01:01:1600 bo’lgan ko’chmas mulk ma’lumotlari migratsiya qilinib, umumiy 2,50 ga yer maydoni 4 ta yer bo’lagidan iborat bo’lgan. VMning 389-sonli qaroriga asosan har bir yer bo’lagiga alohida kadastr pasporti shakllantirish belgilanganligi sababli birinchi yer bo’lagi 10500,00 kv.m, ikkinchi yer bo’lagi 8310,00 kv.m, uchinchi yer bo’lagi 2850,00 kv.m, to’rtinchi yer bo’lagi 2960,00 kv.m yer maydonlariga kadastr pasporti shakllantirilgan hamda yerga bo’lgan huquq davlat ro’yxatidan o’tkazilgan.
“MODEREN GREEN SERVISE” MChJga qarashli yer maydoni yer fondi toifasi Aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari, yer fondining kichik toifasi Qishloq va posyolkadagi Umumiy foydalanish yerlari sifatida davlat ro’yxatidan o’tkazilgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi “Davlat kadastrlarini yuritish sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to’g’risida”gi 389-sonli qarori 2-bob 15-chi xatboshi 2-bandida Yer uchastkasi to’g’risidagi ma’lumotlar avtomatlashtirilgan axborot tizimida yuritilishi belgilangan.
Maqolada tuman hokimligi o’z qarorini nega bekor qilgani va bunda javobgarlikdan qochishga uringani haqida ham asossiz fikrlar bildirilgan.
Toshkent tumani hokimi 2026-yil 11-iyundagi 242-sonli qarori bilan yuqoridagi texnik o’zgartirish kiritish haqidagi qarorini bekor qilgani rost. Biroq buning ortida hech qanday qonunbuzilish yoki mavhumlik yo’q. Bu qaror Toshkent tumani Adliya bo’limining 2026-yil 9-apreldagi 6/71-sonli Taqdimnomasi hamda eng asosiysi — Qizg’aldoq mahallasida istiqomat qilayotgan fuqarolarning ommaviy murojaati va yuzaga kelgan ijtimoiy norozilik kayfiyatini bartaraf etish maqsadida qabul qilingan.
“Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonunning 25-moddasiga asosan hokim o’z vakolatlari doirasida obyektiv zarurat tug’ilganda qarorlarni qayta ko’rib chiqish va bekor qilish huquqiga ega. Shuningdek, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida”gi hamda “Ma’muriy tartib-taomillar to’g’risida”gi qonunlar talabi asosida tuman hokimligi birinchi navbatda aholining e’tirozlarini inobatga olib, jamoat manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash maqsadida bahsli hujjatni bekor qilgan. Bu holat hokimlikning o’z xatosini tan olishi emas, balki xalq bilan muloqotning amaldagi ifodasi, fuqarolar manfaatini tadbirkorning ayrim manfaatlaridan ustun qo’ygan holda qabul qilingan ochiq va qonuniy qadamdir.
Yuqorida bayon etilgan huquqiy asoslar va dalillardan ko’rinib turibdiki, Toshkent tumani hokimligining xatti-harakatlarida davlat rahbarining farmonlariga zid keluvchi yoki vakolat doirasidan chetga chiquvchi hech qanday qonunbuzilish mavjud emas. EFFECT.UZ axborot resursi esa mazkur vaziyatni chuqur huquqiy tahlil qilmasdan, amaldagi qonunchilik normalarini (xususan, ma’muriy tartib-taomillar va yer qonunchiligidagi farqlarni) noto’g’ri talqin qilgan holda, davlat organi faoliyatiga va odil sudlov tizimiga nisbatan aholi orasida ishonchsizlik uyg’otishga qaratilgan bir taraflama material tayyorlagan. Jurnalistikaning asl vazifasi savol qo’yish ekanligini hurmat qilgan holda, bu savollar tuhmat, qonunlarni noto’g’ri talqin qilish va asossiz ayblovlar ustiga qurilmasligi kerakligini eslatib o’tamiz.
Maqolada ko’tarilgan masalalar, xususan, go’yoki tuman hokimligi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga zid noqonuniy qarorlar qabul qilinganligi haqidagi iddaolar mutlaqo asossiz va vaziyatni huquqiy jihatdan noto’g’ri talqin qilish oqibatida yuzaga kelganligini ma’lum qilamiz. Shu o’rinda, demokratik jamiyatda Ommaviy axborot vositalarining o’rni va so’z erkinligini to’liq hurmat qilgan holda, bir muhim masalaga e’tibor qaratmoqchimiz. OAV xodimlari jamiyatdagi muammolarni yoritishda erkindir, biroq sud tizimi faoliyatiga baho berish, sudyalarning chiqargan qarorlari yoki xususiy ajrimlari yuzasidan qat’iy huquqiy xulosalar yasash va ommaga buni haqiqat sifatida taqdim etish jurnalistika vakolatidan tashqaridagi holat hisoblanadi. Odil sudlovni amalga oshirish, dalillarga baho berish va sud hujjatlarining qonuniyligini shubha ostiga olish faqatgina yuqori turuvchi sud instansiyalarining mutloq vakolatidir. Maqolada sudyaning harakatlariga nisbatan ochiqdan-ochiq shubha uyg’otish va sud hokimiyatiga baho berishga urinish holatlari qonunchilikka va kasb etikasiga ziddir.
Qolaversa, O’zbekiston Respublikasining «Ommaviy axborot vositalari to’g’risida»gi Qonuniga ko’ra, ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilish qat’iyan taqiqlanib, xususan, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlash hamda sud qarori qonuniy kuchga kirguncha uning natijalarini taxmin qilish yoxud tergov ma’lumotlarini ruxsatsiz e’lon qilish mumkin emasligi belgilangan bo’lib, bunday talablarni buzish ommaviy axborot vositalari xodimlarining amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy, ma’muriy yoki fuqarolik-huquqiy javobgarlikka tortilishiga hamda moddiy va ma’naviy zararlarni qoplash majburiyati yuklanishiga sabab bo’ladi.
Xususan, O’zbekiston Respublikasining «Sudlar to’g’risida»gi qonunining 9-moddasiga ko’ra, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo’l qo’yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo’ladi.
Yuqorida ko’rsatilgan barcha holatlarni inobatga olgan holda, “EFFECT.uz” jurnalistlari tomonidan sudga ta’sir o’tkazishdan tiyilish, “EFFECT.uz” nashridagi bir tomonlama surishtiruvga oid maqolani o’chirish yoki raddiya berish talab etiladi.
Aks holda, Toshkent tumani hokimligi “EFFECT.UZ” jamoasining mazkur chiqishi, xususan, davlat organi va sud tizimi faoliyatiga nisbatan asossiz, qonunchilik normalarini soxtalashtirib talqin qilgan holda ommaga tarqatilgan ma’lumotlari yuzasidan vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga mazkur tahririyat faoliyatiga huquqiy baho berishni so’rab murojaat qiladi. Qonun ustuvorligi faqatgina davlat organlari uchun emas, balki axborot tarqatuvchi subyektlar uchun ham teng ishlashini va har bir asossiz so’z uchun qonuniy javobgarlik mavjudligini ta’kidlab o’tamiz.
