Sayyor qabul
2026-07-24 17:25:00 / Yangiliklar

Inson qadri ulug‘langan yurt: aholi murojaatlariga yechim izlangan sayyor qabul
Joriy yilning 24-iyul kuni Toshkent tumani Xalq qabulxonasida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlash hamda fuqarolarning muammolarini hal etish maqsadida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Inson qadrini ulug‘lash tamoyiliga asoslangan ushbu ochiq muloqotda o‘ndan ziyod fuqarolar ishtirok etib, o‘zlarining dolzarb hayotiy masalalari yuzasidan yordam so‘radilar.
Qabul jarayonida tuman hokimi Sardorbek Ergashev, tuman prokurori Bahodir Jalilov, IIB boshlig'i Abdulaziz Mullajanov hamda Soliq inspektsiyasi boshlig'i Sanjar Abduvaliyevlar har bir murojaatni kompleks tarzda, alohida e'tibor bilan tahlil qildilar. Muloqot davomida asosan kommunal soha, bandlikni ta’minlash va ijtimoiy ko‘mak masalalariga e’tibor qaratildi hamda rahbarlarning bevosita aralashuvi natijasida ko‘plab muammolar aynan joyning o‘zida ijobiy hal etilib, fuqarolarning mushkuli oson qilindi.
Qo‘shimcha o‘rganish va ijrosi uchun ma’lum vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha tegishli korxona va tashkilot mutasaddilariga qat’iy topshiriqlar berilib, aniq muddatlar belgilandi. Rahbarlarning o‘zaro hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan ushbu tizimli muloqot muammolarni tezkor bartaraf etish, ijrosini qat'iy nazoratga olish va xalq roziligini ta’minlash yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.



